
JIDUda “Pushti oy” kampaniyasi doirasida “Kasallikni erta aniqlash — hayotni saqlash” mavzusida aksiya o‘tkazildi
JIDUda “Pushti oy” kampaniyasi doirasida “Kasallikni erta aniqlash — hayotni saqlash” mavzusida aksiya o‘tkazildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talaba-qizlari va ayol xodimlari uchun sog‘liqni saqlash sohasida xabardorlikni oshirish, ayollarning reproduktiv salomatligi masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadida Yoshlar ishlari ofisi tomonidan axborot sessiyasi tashkil etildi. Ushbu tadbir BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Tadbirni, JIDU Yoshlar ishlari masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Yusupdjanov ochib berdi va u o‘z nutqida ushbu tashabbusning dolzarbligini ta’kidlab, quyidagicha fikr bildirdi:“Har bir ayol o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishi zarur. Kasallikni erta aniqlash — bu nafaqat sog‘liqni, balki hayotni saqlab qolish imkonidir. Muntazam tekshiruvlar va emlash — ayollarni himoya qiluvchi eng muhim qadamlardir”.
Mazkur axborot sessiyasida universitet Xotin-qizlar maslahat kengashi, kasaba uyushmasi vakillari ham faol ishtirok etdilar. Tadbir davomida oliy toifali akusher-ginekolog, UNFPA eksperti Muxabbat Pulatovna Ahmedova shunday dedi: “Bugungi mavzu — har bir ayol, ayniqsa yosh qizlar uchun juda muhim. Bunday tadbirlar nafaqat oktabr oyida, balki yil davomida o‘tkazilishi kerak. Chunki sog‘lom avlod — sog‘lom jamiyatning poydevoridir” - deya, ishtirokchilarga kasalliklar profilaktikasi, erta tashxis qo‘yishning afzalliklari va sog‘lom turmush tarzini olib borish borasida muhim maslahatlar berdi.
Ishtirokchilar bevosita savollar berish, shaxsiy maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Tadbir yakunida axborot materiallari tarqatildi hamda sog‘lom hayotga oid targ‘ibot ishlari olib borildi. Tadbir talaba-qizlar va ayol xodimlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.