
JIDUda xalqaro avtomobil yuk tashishlariga bag‘ishlangan master-klass o‘tkazildi
JIDUda xalqaro avtomobil yuk tashishlariga bag‘ishlangan master-klass o‘tkazildi

2025-yil 14-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Xalqaro avtomobil yuk tashishlari” mavzusida master-klass bo‘lib o‘tdi. Tadbir xalqaro huquq fakulteti 3-bosqich talabalari uchun tashkil etildi.
Tadbirda xalqaro transport huquqi sohasida amaliyotchi mutaxassis, yurist va BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) loyihasi rahbari, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Ismoilova Ra’no ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Master-klass davomida ma’ruzachi xalqaro avtomobil yuk tashishlarini huquqiy tartibga solish masalalarini batafsil yoritdi. Xususan, Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish shartnomasi toʻgʻrisida Konventsiya (YuYTK, 1956-yil) hamda Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish daftarchasini qoʻllagan holda yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisida Bojxona konventsiyasi” (1975-yil) qoidalari asosida amaliy jihatlar tahlil qilindi. Shuningdek, xalqaro tashish shartnomalarini bajarish jarayonida yuzaga keladigan sud amaliyoti va nizoli holatlar misolida tahliliy fikrlar bildirildi.
JIDUning Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy-huquqiy fanlari kafedrasi professori Imamova Dilfuza muhokama qilinayotgan mavzuning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bilan uzviy bog‘liqligini ta’kidlab, transport va logistika sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi.
Talabalar muhokama etilayotgan masalalarga katta qiziqish bildirishdi, faol ishtirok etishdi, xalqaro yuk tashishlarning huquqiy jihatlariga oid savollar berishdi va batafsil javoblar olishdi.
Tadbir ilmiy-amaliy muloqotni mustahkamlash, nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro ta’limiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qildi. Mazkur master-klass BRM-17 “Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik” maqsadining 17.6-bandiga muvofiq, fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish doirasida o‘tkazildi.