
JIDU talabasi Olmaotadagi Xalqaro yozgi maktabda ishtirok etdi
JIDU talabasi Olmaotadagi Xalqaro yozgi maktabda ishtirok etdi

Joriy yilning 22–28-iyun kunlari Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida yoshlar o‘rtasida diplomatik faoliyatni rivojlantirish va targ‘ib etishga qaratilgan Xalqaro yozgi maktab bo‘lib o‘tdi. Qozoq-Amerika universiteti (KAU) tomonidan tashkil etilgan mazkur dasturda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 4-bosqich talabasi Ulzira Bakhytbaeva faol ishtirok etdi.
Xalqaro yozgi maktab O‘zbekiston, Qozog‘iston, AQSh, Qirg‘iziston, Malayziya, Gretsiya, Xitoy, Rossiya va Mo‘g‘uliston kabi to‘qqiz mamlakatdan kelgan yosh vakillarni birlashtirdi.
Dasturning mazmunan boy va keng qamrovli tadbirlari doirasida diplomatiya, xalqaro munosabatlar hamda madaniyatlararo muloqotga bag‘ishlangan ma’ruzalar, mavzuli mashg‘ulotlar, jamoaviy topshiriqlar va interaktiv uchrashuvlar tashkil etildi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun Ayiq sharsharasi (Bear Falls) va Issiq ko‘lga madaniy-ma’rifiy sayohatlar, Olmaota shahridagi muzeylar hamda tarixiy yodgorlik majmualariga tashriflar uyushtirildi.
Tadbirning yuqori saviyada tashkil etilgani ishtirokchilar o‘rtasida samarali madaniyatlararo muloqot va tajriba almashish muhitini yaratdi. Yoshlar o‘zlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish bilan bir qatorda, Qozog‘istonning boy tarixi, milliy an’analari va madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Yozgi maktab davomida egallangan bilimlar, orttirilgan tajriba va yo‘lga qo‘yilgan xalqaro aloqalar kelgusida yoshlar diplomatiyasi, jamoatchilik diplomatiyasi hamda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.




