AQSH Kongressida “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining taqdimoti o‘tkazildi

AQSH Kongressida “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining taqdimoti o‘tkazildi

    AQSH Kongressida “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining taqdimoti o‘tkazildi

    AQSH Kongressida “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining taqdimoti o‘tkazildi

    Vashingtonda AQSH Kongressi binosida “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” nomli kitobning taqdimoti o‘tkazildi.

    Taqdimot marosimida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev, AQSH Kongressi, Oq uy, Davlat departamenti, yetakchi federal agentliklar, xalqaro kompaniyalar, biznes-assotsiatsiyalar hamda diplomatik va ekspert doiralardan 70 dan ortiq vakillar ishtirok etdi.

    Rasmiy qismni O‘zbekistonning AQSHdagi Elchisi Furqat Siddiqov hamda JIDU rektori S.Safoyev ochib berdi.

    Ular o‘z nutqlarida Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlarning yangi davri amalga oshirilayotganini ta’kidlab, mazkur kitob ushbu taraqqiyot yo‘lini o‘zida tahliliy aks ettirganini qayd etdi.

    Tadbir ishtirokchilari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat boshqaruvi, inson huquqlari, iqtisodiyot, taʼlim, gender tenglik va tashqi siyosat sohalaridagi o‘zgarishlar haqida fikr almashdi.

    Tadbirda taʼlim, sog‘liqni saqlash, gender siyosat va ijtimoiy himoya sohalarida erishilgan yutuqlar, xususan, ayollar huquqlari hamda yoshlar salohiyatining oshishiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga kitobning mazmuni haqida batafsil ma’lumot berildi. Kitobda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi sakkiz yilda amalga oshirilgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari va bosqichlari yoritilgan bo‘lib, ularning mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy rivojlanishiga ta’siri tahlil qilingan.

     So‘zga chiqqan AQSH Kongressi aʼzolari kitob chop etilishini yuksak baholab, Prezident Shavkat Mirziyoyevni zamonaviy siyosiy yetakchi va demokratik islohotlarga intiluvchi davlat rahbari sifatida eʼtirof etishdi.

    Taqdimot doirasida AQSH rasmiylari, ekspertlar va biznes vakillari ishtirokida mazmunli muloqot ham bo‘lib o‘tdi. Ular O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar ahamiyati va ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

    Kitobning elektron nusxalari Kongress, tahliliy markazlar hamda Vashingtondagi siyosiy qaror qabul qilish jarayonlariga ta’sir ko‘rsata oladigan doiralarga keng tarqatildi.

    Tadbir shuningdek, O‘zbekistonning AQSHdagi ijobiy imijini yanada mustahkamlash va xalqlarimiz o‘rtasidagi uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi samarali ommaviy diplomatiya namunasi sifatida baholandi.