
JIDU va Ozarbayjon Iqtisodiyot instituti o‘rtasida ilmiy-akademik hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
JIDU va Ozarbayjon Iqtisodiyot instituti o‘rtasida ilmiy-akademik hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 16-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti hamda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IHTI) vakillari bilan Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi huzuridagi Iqtisodiyot instituti o‘rtasida videokonferensiya tashkil etildi.
Tadbirda JIDU va IHTI tomonidan “Xalqaro iqtisodiyot”, “Tizimli tahlil va matematik modellashtirish”, “Xalqaro moliya va investitsiyalar” kafedralari rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Iqtisodiy diplomatiya markazi xodimlari ishtirok etdilar. Videokonferensiya davomida tomonlar ikki tomonlama ilmiy-akademik hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Xususan, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, xalqaro ilmiy jurnallarda hamkorlikda maqolalar tayyorlash, shuningdek, qiyosiy va mintaqalararo tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Akademik mobillikni rivojlantirish, jumladan qisqa muddatli ilmiy tashriflar, mehmon ma’ruzalar va ilmiy seminarlar tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, akademik mobillikni kengaytirish, xususan qisqa muddatli ilmiy tashriflar, mehmon ma’ruzalar hamda ilmiy seminarlarni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va global rivojlanish masalalari yuzasidan konferensiyalar, davra suhbatlari va ekspert muhokamalarini birgalikda o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida xalqaro grant dasturlarida qo‘shma ishtirok etish, ekspert muloqotini rivojlantirish hamda qo‘shma tahliliy materiallar tayyorlash belgilandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan hamkorlik yo‘nalishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish, shuningdek, ularni samarali tatbiq etish mexanizmlarini ishlab chiqish yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishdilar. Mazkur kelishuv JIDU, IHTI va Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi huzuridagi Iqtisodiyot instituti o‘rtasidagi institutsional va ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun muhim zamin yaratadi.




