
JIDUda Vengriya bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
JIDUda Vengriya bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 10-sentabr kuni Vengriya Bosh vaziri siyosiy direktori ofisi boshlig‘i, davlat kotibi o‘rinbosari Marton Ugroshdi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda JIDU tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev va Akademik ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Akram Umarov ishtirok etdilar.
Uchrashuv boshida mehmonga JIDU faoliyati, amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Universitetning Vengriyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan muvaffaqiyatli hamkorligi alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning istiqbollari muhokama qilindi. Asosiy tashabbuslar quyidagilardan iborat:
• Talabalarning akademik almashinuvi uchun qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish;
• Professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish;
• Qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni faol rivojlantirish;
• Vengriya tahliliy markazlari va JIDU qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish.
Shuningdek, uchrashuvda tadqiqotchilar va o‘qituvchilar almashinuvi uchun ikki tomonlama asosda ishlaydigan akademik tashriflar (visiting fellowships) dasturlarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tdi. Tomonlar muhokama qilingan barcha tashabbuslarni amalda joriy etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashdan qat’iy manfaatdor ekanliklarini izhor etdilar.