
JIDUda Huawei bilan raqamli ta’lim va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi
JIDUda Huawei bilan raqamli ta’lim va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi

Joriy yilning 18-avgust kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori Tan Syaosyan rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev kutib oldi.
Muzokaralar davomida tomonlar ta’limni raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash va o‘quv jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Uchrashuvning asosiy mavzusi JIDU negizida ICT Akademiyasini rivojlantirish bo‘lib, uning doirasida Huawei ixtisoslashtirilgan kurslarini joriy etish, talabalar va o‘qituvchilarni sertifikatlash, shuningdek, kompaniya mutaxassislarining universitet ta’lim dasturlarida ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. Talabalarning amaliy tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratildi - yaqin orada Huawei mutaxassislarini jalb etgan holda bir qator mahorat darslari va treninglar tashkil etiladi.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi JIDU talabalariga xalqaro amaliyot o‘tash imkoniyatini beruvchi “Seeds for the Future” dasturi bo‘ladi. Tomonlar universitetning ushbu dasturdagi ishtirokini kengaytirish ko‘rib chiqdilar.
O‘qituvchilar malakasini oshirishga alohida e’tibor berildi - Huawei JIDUga AKT va raqamli texnologiyalar sohasida qo‘shma kasbiy rivojlanish dasturlarini taklif etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni rasmiylashtirish maqsadida Raqamli transformatsiya, innovatsiyalar va talabalarni rivojlantirish sohalarida qo‘shma loyihalar bo‘yicha aniq qadamlarni belgilab beruvchi Harakatlar rejasi to‘g‘risidagi bitimni imzolashga kelishib oldilar.
Mazkur hamkorlik JIDUning raqamli ta’limni rivojlantirish, innovatsion infratuzilmani mustahkamlash va dunyoning yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan hamkorlikda raqamli iqtisodiyot uchun yuqori malakali bitiruvchilarni tayyorlashga bo‘lgan sadoqatini namoyon etadi.