
JIDU rektori O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa o‘rtasidagi yuqori darajadagi uchrashuvda ishtirok etdi
JIDU rektori O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa o‘rtasidagi yuqori darajadagi uchrashuvda ishtirok etdi

Joriy yilning 18-20-avgust kunlari Toshkentda «O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa – umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik» nomli yuqori darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi hamda Nizomiy Ganjaviy xalqaro markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etildi.
Forumda 30 dan ortiq yuqori martabali mehmonlar, jumladan, Norvegiya, Bosniya va Gersegovina, Bolgariya, Latviya, Xorvatiya, Avstriya va Chexiya kabi mamlakatlarning sobiq davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Bundan tashqari, tadbirga yetakchi xalqaro tashkilotlar - Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti vakillari ham qo‘shilgan.
Uchrashuvning asosiy maqsadi O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlarini muhokama qilishdan iborat edi. Ishtirokchilar siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy va transport aloqalarini kengaytirish, iqlim muammolariga birgalikda yechim topish, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Forum, shuningdek, akademik va ekspertlik hamkorligini chuqurlashtirish hamda mintaqalararo sheriklik uchun yangi platformalar yaratishga qaratilgan edi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev ishtirok etib, “O‘zgaruvchan dunyoda Markaziy Osiyoning geosiyosiy roli” panel sessiyasida ma’ruza qildi. U o‘z nutqida mintaqaning strategik ahamiyatini belgilovchi asosiy omillarni ta’kidlab, Markaziy Osiyoning shakllanayotgan xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘rnini alohida qayd etdi. Uning ma’ruzasi zamonaviy muammolar va hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan munozaraga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv Markaziy Osiyoning g‘oyalar almashish, yangi yechimlar izlash va mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni mustahkamlash uchun muhim maydon ekanligini ko‘rsatdi.
Sana: | 20.08.2025 |
Ko'rganlar soni: | 40 |
Ulashish: |