
JIDU talabalari SWUFE Global Academy 2025 yozgi dasturida ishtirok etdilar
JIDU talabalari SWUFE Global Academy 2025 yozgi dasturida ishtirok etdilar

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xitoy Xalq Respublikasi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dasturlarni faol rivojlantirib kelmoqda. Ushbu yo‘nalish doirasida Xalqaro munosabatlar fakulteti 2-bosqich talabalari Nurjahon Sayfiddinova va Asilbek Rustamov XXRning Janubi-g‘arbiy moliya-iqtisodiyot universiteti (Southwestern University of Finance and Economics, SWUFE) tomonidan Chengdu shahrida o‘tkazilgan SWUFE Global Academy 2025 yozgi dasturida munosib ishtirok etdilar.
2025-yil 6-19-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan dastur davomida talabalar iqtisodiyot, menejment va Xitoy madaniyatiga oid turli akademik kurslar va maxsus ma’ruzalarni muvaffaqiyatli tamomladilar. Dasturda turli mamlakatlardan kelgan talabalar ishtirok etgani xalqaro tajriba almashinuvi va madaniy hamda akademik bilimlarning kengayishiga xizmat qildi.
Akademik modul doirasida ular Yale universiteti professori Jack Hou rahbarligidagi “Chinese Economy” kursida Xitoy iqtisodiyotining asosiy rivojlanish jarayonlari, mehnat bozori, demografik o‘zgarishlar hamda xalqaro savdo masalalarini chuqur o‘rgandilar. Shuningdek, marketing sohasi bo‘yicha tan olingan mutaxassis, Manitoba universiteti professori Fang Wan tomonidan olib borilgan “Research Methodology in Management” kursi doirasida tadqiqot uslublari, iste’molchilar psixologiyasi va brend menejmenti bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar. Shu bilan birgalikda, Jianyu Yu tomonidan “Digital Rural Revitalization in China” mavzusida olib borilgan seminar Xitoyning raqamli transformatsiyasi va qishloq hududlarini rivojlantirish strategiyalariga bag‘ishlandi.
Talabalar dastur doirasida o‘quv mashg‘ulotlaridan tashqari madaniy tadbirlarda ham faol qatnashdilar. Xususan, Chengdu shahrining tarixiy va madaniy maskanlaridan Chengdu va Shuijingfang muzeyi, Dujiangyan irrigatsiya tizimi hamda Panda tadqiqot markaziga tashrif buyurdilar. Ushbu tadbirlar ularga Xitoyning boy tarixiy merosi, milliy qadriyatlari va zamonaviy rivojlanish tajribasini yanada chuqurroq anglash imkonini berdi.
Mazkur ishtirok JIDUning xalqaro hamkorlik strategiyasida muhim qadam bo‘lib, universitetning global ta’lim maydonidagi o‘rnini mustahkamlash, talabalarini yetakchi xorijiy akademik muhitda tayyorlash va xalqaro diplomatik sohada raqobatbardosh mutaxassislar yetishtirish maqsadlariga xizmat qiladi.
Sana: | 28.07.2025 |
Ko'rganlar soni: | 74 |
Ulashish: |