
JIDU talabasi A.S.I.E. - Xalqaro Birdamlik va Ta’lim Assotsiatsiyasi amaliyot dasturi tanlovi g‘olibi boʻldi
JIDU talabasi A.S.I.E. - Xalqaro Birdamlik va Ta’lim Assotsiatsiyasi amaliyot dasturi tanlovi g‘olibi boʻldi

Ma’lumki, joriy yilning aprel oyida Fransiyaning A.S.I.E. ‒ Xalqaro birdamlik va Ta’lim Assotsiatsiyasi JIDUga tashrif buyurib, universitet bilan hamkorlikda BMTning barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda yoshlar faolligini ta'minlashga qaratilgan seminar oʻtkazilgan.
A.S.I.E. Fransiyaning Burj shahridagi nodavlat notijorat tashkilot bo‘lib, asosiy vazifasi BRM doirasida turli dasturlarni amalga oshirishdan iborat. Tashkilot 9 yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini olib bormoqda. A.S.I.E. prezidenti Alain Payen tashabbusi bilan har ikki mamlakat hududida til, madaniyat va ekologiya masalalariga oid 10 dan ortiq dasturlar amalga oshirilib, 50 nafar fransiyalik yoshlar O‘zbekistonga tashrif buyurishdi. Shuningdek, o‘zbekistonlik fan, madaniyat va ta’lim vakillari mazkur tashkilot homiyligida Fransiyaga borib, mamlakatimiz tarixi hamda madaniyatiga oid tadbirlarda ishtirok etgan.
JIDUda bo‘lib o‘tgan seminar davomida tashkilot vazifalari, BRM doirasida amalga oshirilgan ishlar va bunda yoshlar faolligining ahamiyati xususida ma’lumot berildi. Shuningdek, Fransiya hukumati tomonidan moliyalashtiriluvchi “Service civique”, ya’ni “Fuqarolik xizmati” amaliyot dasturi uchun tanlov ham e'lon qilingan edi. Mazkur tanlov mamlakatlarning madaniyatlararo muloqoti orqali hamkorlikni mustahkamlab, BRM vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan. Dastur Fransiyaning har bir regioni uchun alohida kvota asosida taqsimlangan bo‘lib, har bir tashkilot o’z faoliyati maqsadlari hamda hamkorliklari asosida nomzod tanlash huquqiga ega.
A.S.I.E. tashkiloti Afrika, Lotin Amerikasi va Osiyo mamlakatlari yoshlari uchun alohida kvotaga ega bo’lib, har yili O‘zbekiston uchun 1 nafar o‘rin ajratiladi. Tanlov O‘zbekiston Oliy ta’lim muassasalar talabalari o‘rtasida e’lon qilindi va bir qancha yoshlar tomonidan ishtirok etish uchun hujjat topshirildi. Asosiy bosqich 28-iyunda onlayn suhbat asosida oʻtkazildi. Suhbatda JIDU Xalqaro munosabatlar fakulteti 4-kurs talabasi Dinara Ishbaeva oʻzining fransuz tili va BRM boʻyicha bilimlarini munosib namoyon etib, tanlov gʻolibi boʻldi.
Dinara Ishbaeva oktabr oyidan boshlab Fransiyaning Burj shahrida BRM tadbirlarida ishtirok etib, turli xorijiy davlat vakillari bilan mazkur yoʻnalishda tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Sana: | 02.07.2025 |
Ko'rganlar soni: | 63 |
Ulashish: |