
JIDUda Perujia xorijliklar universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda Perujia xorijliklar universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2025-yil 26-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga (JIDU) Italiyadagi Perujia xorijliklar universitetidan delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida universitet rektori Valerio De Cesaris, Xalqaro aloqalar bo‘yicha vakil va Italyan tili professori Letizia Cinganotto hamda Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari doktor Valentina Seri ishtirok etdilar.
Uchrashuvda JIDU tomonidan Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektor A. Umarov, Roman-german tillari kafedrasi mudiri V. Mamatkasimova hamda Xalqaro akademik hamkorlik ofisi vakillari qatnashdilar.
Muhokamaning asosiy mavzusi JIDU va Perujia xorijliklar universiteti o‘rtasidagi akademik almashinuv va hamkorlikning bugungi kundagi holati va kelajakdagi istiqbollarini muhokama qilish bo‘ldi. Perujia xorijliklar universiteti rektori italiyan tili va ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga doir tashabbuslarni ilgari surdi.
Tomonlar akademik mobillik dasturlari, italiyalik professorlarni JIDUga jalb qilish, qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, italiyan tili o‘qituvchilari malakasini oshirish, masofaviy til kurslarini tashkil etish, shuningdek, talabalar va o‘qituvchilar uchun qishki va yozgi maktablarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishlarini tasdiqlab, akademik sherikchilikning ikki davlat o‘rtasidagi til va madaniyat sohalaridagi aloqalarini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.