
JIDUda “Xalqaro gumanitar huquqga zamonaviy chaqiriqlar” mavzusida master-klass o‘tkazildi
JIDUda “Xalqaro gumanitar huquqga zamonaviy chaqiriqlar” mavzusida master-klass o‘tkazildi

2025-yil 20-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar kafedrasida International Humanitarian Law fani doirasida “Xalqaro gumanitar huquqning zamonaviy muammolari” mavzusida master-klass tashkil etildi.
Tadbir kafedra dotsenti Sh.M.Hamdamova rahbarligida o‘tkazilib, unda Markaziy Osiyoda Xalqaro huquq sohasining yetakchi tadqiqotchilaridan biri, Qozog‘istondagi KIMEP universiteti Huquq maktabi professori Sergey Vyacheslavovich Sayapin ishtirok etdi.
Master-klass davomida professor Sayapin zamonaviy qurolli mojarolar sharoitida xalqaro gumanitar huquqning rivojlanishi bilan bog‘liq dolzarb masalalarni yoritib berdi. Xususan, gibrid urushlar, qurolli mojaro jarayonlarining raqamlashtirilishi hamda xalqaro javobgarlikning an’anaviy mexanizmlaridagi o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, avtonom qurol tizimlari va uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishda XGH normalarini qo‘llash hamda ular bilan bog‘liq huquqiy javobgarlik masalalari muhokama qilindi.
Talabalar tomonidan quyidagi masalalarga alohida qiziqish bildirildi:
- xalqaro gumanitar huquqning avtonom qurol tizimlari va UUAga moslashuvi;
- harbiy jinoyatlar uchun xalqaro javobgarlik mexanizmlarining samaradorligi inqirozi mavjudligi masalasi;
- postsovet davlatlarining XGH normalarini qo‘llashdagi mintaqaviy yondashuvining o‘ziga xos jihatlari;
- xalqaro sud institutlarining XGH buzilishlari bo‘yicha javobgarlikka tortishdagi samaradorligi.
Master-klass faol muloqot shaklida o‘tkazilib, talabalar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi hamda ularning xalqaro gumanitar huquq sohasidagi bilimlarini chuqurlashtirishga xizmat qildi.
Bunday tadbirlar JIDU talabalari uchun xalqaro huquq sohasida ilmiy salohiyatni rivojlantirish va akademik hamkorlikni mustahkamlashga muhim hissa qo‘shadi.




