
Yuridik klinika vakillari orasida halollik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan yozgi maktab bo‘lib o‘tdi
Yuridik klinika vakillari orasida halollik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan yozgi maktab bo‘lib o‘tdi

2025-yil 24-26-iyun kunlari Toshkent viloyatida oliy ta’lim muassasalari yuridik klinikalari talabalari uchun “Boshqaruvda halollikni shakllantirish: huquqiy ta’lim korrupsiyaga qarshi islohotlar vositasi sifatida” mavzusida yozgi maktab bo‘lib o‘tdi. Tadbir Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Taraqqiyot Dasturi, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi va boshqa hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etildi.
Yozgi maktabda respublika oliy o‘quv yurtlari Yuridik klinika talabalari, ilmiy xodimlar, ekspertlar va davlat idoralari vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan "Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari" kafedrasi katta o‘qituvchisi Soliyev Dilshod, Xalqaro huquq fakulteti 3-bosqich talabalari Muxitova Madinabonu, Abdurasulova Sevinch, Raxmatillayeva Ruxshona, shuningdek 2-bosqich talabasi Shermetov Kamronbek faol ishtirok etdilar.
Ushbu yozgi maktabning asosiy maqsadi – talaba-yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni kuchaytirish, huquqiy ongni oshirish, davlat boshqaruvida halollik tamoyillarini mustahkamlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning xalqaro va milliy tajribalarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Dastur doirasida quyidagi mavzular muhokama qilindi: korrupsiyaga qarshi davlat siyosati, yoshlarning bu boradagi ishtiroki, gender tengligi va huquqiy etika, ochiq ma’lumotlar bilan ishlash, xalqaro standartlar (jumladan, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi), shuningdek, “Zakovat” intellektual o‘yini, amaliy mashg‘ulotlar va jamoaviy loyihalar.
Forum yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi, talabalarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha loyihalari va tashabbuslari esa yuqori baholandi.
Mazkur tadbir universitetlar va davlat idoralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashda huquqiy ta’limning o‘rni va ahamiyatini kuchaytirishga xizmat qildi.