
JIDUda Prezident va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida ishtirok etish uchun onlayn ariza topshirish tizimi yuzasidan seminar o‘tkazildi
JIDUda Prezident va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida ishtirok etish uchun onlayn ariza topshirish tizimi yuzasidan seminar o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 19-yanvardagi 27-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida ishtirok etish uchun onlayn ariza yuborish axborot tizimidan foydalanish reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijroga qaratilgan normativ-huquqiy asos sifatida qabul qilindi. Mazkur reglamentda belgilangan topshiriqlar talabalarning stipendiya tanlovlarida ishtirokini raqamlashtirish, tanlov jarayonlarining shaffofligini oshirish, hamda akademik meritokratiya tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan.
Buyruqning mazmunidan kelib chiqib, universitetda yuqori malakali mutasaddilar va akademik hamjamiyat vakillari ishtirokida seminar tashkil etildi. Ushbu seminarga Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Yusupdjanov boshchilik qildi. Unda “Yoshlar ishlari ofisi” mutaxassislari, “Besh muhim tashabbus” markazi xodimlari, fakultet dekanlari ishtirok etib, tanlov tizimining metodologik asoslari, uning huquqiy-me’yoriy tartibi va zamonaviy boshqaruv texnologiyalari doirasidagi ahamiyati xolisona muhokama qilindi.
Seminar jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining boshlang‘ich bosqichlarini tashkil etishda shaffoflik, adolatlilik va akademik halollik tamoyillariga qat’iy rioya etilishi ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi. Shu bilan birga, tanlov jarayonining har bir bosqichi ustidan nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, xususan, nomzod talabalar haqidagi akademik ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash masalasi muhokama markazida bo‘ldi.
Mazkur yo‘nalishda barcha talabalar o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari va reyting baholari bo‘yicha tizimli tahlil o‘tkazilgani, baholarga nisbatan kiritilgan o‘zgarishlar monitoring qilinganligi qayd etildi. Asossiz, subyektiv yoki muddatdan kechiktirib kiritilgan baho o‘zgarishlari aniqlanganda, bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishi ta’kidlandi. Bu esa, tanlovning akademik adolatlilik prinsiplariga asoslanishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2025–2026 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi tanloviga nomzodlarni tavsiya etish, ularning hujjatlar to‘plamini rasmiylashtirish va belgilangan muddatlarda vazirlikka taqdim etish jarayonlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori bilan belgilangan normativ-me’yoriy talablarga to‘liq muvofiq tarzda amalga oshirilishi shartligi qat’iy eslatib o‘tildi. Mazkur qaror asosida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish tizimi yuksak ijtimoiy mas’uliyat va akademik ob’yektivlik mezonlariga tayangan holda yo‘lga qo‘yilishi lozimligi alohida urg‘u bilan ta’kidlandi.
Universitet miqyosida barcha ta'lim yo‘nalishlari va fakultetlar kesimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida ishtirok etish uchun munosib nomzodlarni aniqlash bo‘yicha bosqichma-bosqich saralash tizimi ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu jarayon talabalarning birinchi kursdan boshlab ilmiy, akademik va ijtimoiy faolligi asosida shakllantirilgan individual monitoring orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ularning salohiyatini rivojlantirish hamda ularni yuqori darajadagi milliy stipendiya tizimiga tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, stipendiya tanlovlarining mazmun-mohiyati, konseptual asoslari, qatnashish mezonlari va ularning ijtimoiy hamda akademik rag‘batlantiruvchi jihatlari yuzasidan talabalar o‘rtasida tizimli axborot-kommunikatsion ishlar olib borilmoqda. Bu jarayon orqali stipendiyalar nafaqat moddiy qo‘llab-quvvatlash vositasi, balki yoshlarning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish, ularning ijtimoiy faolligi va akademik motivatsiyasini oshirishda muhim omil sifatida talqin etilmoqda.
Iqtidorli yoshlarning ilmiy-innovatsion salohiyatini rivojlantirish, ularning fundamental va amaliy izlanishlarga yo‘naltirilgan ijodiy g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohadagi dolzarb muammolarga yechim bo‘la oladigan ilmiy tashabbuslarini aniqlash va targ‘ib qilish maqsadida seminar-treninglar sonini ko‘paytirish va ularning sifatini oshirish rejalashtirilmoqda. Bunday tadbirlar nafaqat yoshlarning ilm-fan sohasidagi motivatsiyasini kuchaytiradi, balki ularni milliy va xalqaro ilmiy grantlar, stipendiyalar hamda loyihalarda faol ishtirok etishga tayyorlaydi.
Shu bilan birga, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 29-yanvardagi 27-sonli buyrug‘i asosida tasdiqlangan reglament talablari asosida yaratilgan elektron axborot tizimi — Stipendiya tanlovlariga ariza topshirish platformasi haqida ham seminar ishtirokchilariga batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Platformaning texnik va funksional imkoniyatlari, hujjat yuklash jarayonida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan tipik xatolar va ularning oldini olish mexanizmlari muhokama qilindi. Talabalarga ushbu tizimdan foydalanishda aniqlik, mas’uliyat va akademik halollik prinsiplariga qat’iy amal qilish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O. Yusupdjanov tomonidan stipendiyalarga nomzodlarni ko‘rsatish bo‘yicha universitetning ichki saralash komissiyasi faoliyati muhimligiga e’tibor qaratildi. Komissiya tomonidan talabgorlarning o‘quv va ilmiy faoliyati chuqur o‘rganilishi, har bir nomzodning akademik erishuvlari, tadqiqot yo‘nalishi va ijtimoiy faolligi asosida xolisona tahlil qilinishi lozimligi qayd etildi. Shunga ko‘ra, eng munosib nomzodlarning hujjatlari rasmiylashtirilib, test sinovlariga tavsiya etish jarayonlarini sifatli va adolatli amalga oshirish vazifasi yuklatildi.