
JIDUda O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
JIDUda O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 5-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 1-oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev kirish so‘zi bilan chiqib, universitet professor-o‘qituvchilarini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. O‘z nutqida ustozlarning yosh avlodni har tomonlama yetuk, bilimli va Vatanga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashdagi alohida o‘rni va xizmatlarini e’tirof etdi.
Bayramning eng muhim qismlaridan biri professor-o‘qituvchilarni taqdirlash marosimi bo‘ldi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ta’sis etilgan “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari topshirildi. Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilarining ta’lim, ilm-fan va yosh avlod tarbiyasiga qo‘shgan munosib hissasi e’tirof etilib, ularga turli mukofotlar tantanali ravishda taqdim etildi.
Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va tashqi aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun universitetning bir qator xodimlariga diplomatik martaba berildi.
Rasmiy qismdan so‘ng bayram dasturi badiiy chiqishlar bilan davom etdi. San’atkor Nargis o‘z ijrosi bilan yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi. Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun furshet tashkil etildi.



