Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Italiyaning Bolonya universiteti o‘rtasida Hamkorlik kelishuvi imzolandi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Italiyaning Bolonya universiteti o‘rtasida Hamkorlik kelishuvi imzolandi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Italiyaning Bolonya universiteti o‘rtasida Hamkorlik kelishuvi imzolandi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Italiyaning Bolonya universiteti o‘rtasida Hamkorlik kelishuvi imzolandi

    2025-yil 18-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) hamda Italiyaning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Bolonya universiteti o‘rtasida akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan rasmiy Kelishuv imzolandi.

    Mazkur kelishuv JIDUning xalqaro hamkorlik strategiyasida muhim bosqich bo‘lib, universitetning global miqyosdagi akademik sheriklik tarmog‘ini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. E’tiborga molik jihatlardan biri shundaki, JIDU QS World University Rankings 2025 reytingiga ko‘ra 133-o‘rinda qayd etilgan Italiyaning Bolonya universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

    Tantanali uchrashuvda JIDU tomonidan Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori, Sodiq Safoyev hamda Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Akram Umarov, Bolonya universiteti tomonidan esa Rektor professor Giovanni Molari va Prorektor Raffaella Campaner ishtirok etdilar.

    Uchrashuv avvalida JIDU rektori Sodiq Safoyev O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik hamkorlik alohida o‘rin tutishini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bunday tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va ilmiy aloqalarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

    O‘z navbatida, Bolonya universiteti rektori professor Giovanni Molari ham mazkur hamkorlikni iliq kutib olib, ikki universitet o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlash nafaqat ilmiy hamkorlik, balki Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va sherikchilikni rivojlantirishda muhim vosita bo‘lishini ta’kidladi.

    Kelishuv asosida tomonlar bir qator ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni amalga oshirishga kelishib oldilar. Jumladan:

    · Talabalar almashinuvi dasturlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Ushbu dasturlar doirasida ikki universitet talabalari qisqa muddatli ta’lim, akademik tajriba va madaniy almashinuv imkoniyatlariga ega bo‘ladilar.

    · Professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar almashinuvi orqali dars berish uslublari, metodikalar va akademik tajribalar o‘rtoqlashiladi. Bu esa o‘quv jarayonining sifatini oshirish va innovatsion yondashuvlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

    · Qo‘shma ilmiy tadbirlar — seminarlar, konferensiyalar va ma’ruzalar tashkil etish orqali ikki tomonlama akademik muloqot kengaytiriladi.

    · Ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, bu xalqaro darajadagi dolzarb masalalarni chuqur o‘rganishga zamin yaratadi.

    Ushbu kelishuv JIDUning xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlash, universitetni global ta’lim va ilmiy tarmoq bilan faol bog‘lashga xizmat qiladi. Bolonya universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan ushbu hamkorlik ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida nafaqat akademik, balki madaniy, ilmiy va professional aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.