
JIDU vakillari zamonaviy ekologik siyosatga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etdi
JIDU vakillari zamonaviy ekologik siyosatga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etdi

Joriy yilning 30-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Zamonaviy ekologik siyosat: milliy tajribadan global yechimgacha” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda ekologiya sohasidagi dolzarb muammolar, innovatsion yondashuvlar va xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mazkur nufuzli tadbirda JIDU professori E’tibor Sultonova va dotsenti Suriya Turayeva bilan birga ekologiya va siyosat sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis va olimlar ishtirok etib, ular tomonidan dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, anjumanda Kanadaning York universiteti professori Nivedita Das Kundu, Latviyaning RISEBA universiteti professori Muhammad Ramzan Ali, Qozog‘iston Respublikasi vakili Erkin Baydarov, Hindistondan Beena Kirad va Anoop Kadavath, Qirg‘izistonning Osh davlat universiteti vakili Saikal Ibraimova kabi xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi.
Anjumanda “Ekologiya sohasidagi xalqaro hamkorlik: muammo va yechimlar”, “Ekologik siyosat va iqtisodiy aloqalar”, “Ijtimoiy ahamiyat va ekologik savodxonlik”, “Zamonaviy ekologik siyosatning huquqiy asoslari” kabi to‘rtta sho‘ba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Unda milliy va xorijiy olimlar, soha mutaxassislari, vazirlik va idoralar vakillari hamda talabalar ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” davlat dasturi, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi, joriy yilning 4–5 aprel kunlari Samarqandda o‘tkazilgan iqlim forumi, COP28 hamda Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi kun tartibiga kiritilgan masalalar tahlil qilindi.
Anjuman davomida ekologik xavf-xatarlarni bartaraf etish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va innovatsion yechimlar ishlab chiqish borasida taklif va tavsiyalar ilgari surildi.