
Iqlim manfaati yo‘lidagi ta’lim: JIDU o‘qituvchisi Lal Bahodur Shastri nomidagi maktabda mahorat darsi o‘tdi
Iqlim manfaati yo‘lidagi ta’lim: JIDU o‘qituvchisi Lal Bahodur Shastri nomidagi maktabda mahorat darsi o‘tdi

2026-yil 28-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Sharq tillari” kafedrasi homiyligida Toshkent shahridagi 24-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda ko‘chma ta’lim tadbiri bo‘lib o‘tdi. “BRM 13: Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash” mavzusidagi mahorat darsi kafedra mudiri va hind tili o‘qituvchisi Giyozova Bernora Mansurovna ishtiroki hamda bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilan tashkil etildi.
Maktabning tanlanishi bejiz emas: ushbu ta’lim muassasasi hind tilini chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan. 9-sinf o‘quvchilari uchun interaktiv mashg‘ulot tayyorlanib, uning davomida atmosfera ifloslanishi va global isish kabi dolzarb ekologik muammolar muhokama qilindi. O‘quvchilar nafaqat iqlim o‘zgarishi xavflari haqida bilib oldilar, balki yechim izlash jarayoniga ham faol jalb etildilar. Bolalar “Ekologik viktorina” orqali chiqindilarni to‘g‘ri qayta ishlash va ongli iste’mol bo‘yicha o‘z bilimlarini mustahkamladilar.
Bugungi kunda o‘quvchilarning iqlim o‘zgarishining global oqibatlari borasidagi savodxonligini oshirish barcha mamlakatlar va xalqlarni birlashtiruvchi Barqaror rivojlanish kun tartibining (BRM 13) asosiy bandi hisoblanadi.




