
“Intellektual haftalik”ning Respublika bosqichi: JIDU jamoasi faxrli natijaga erishdi
“Intellektual haftalik”ning Respublika bosqichi: JIDU jamoasi faxrli natijaga erishdi

2025-yil 26–30-may kunlari yurtimizdagi eng bilimdon talabalar va eng faol oliy ta’lim muassasalari jamoalarini birlashtirgan yirik tadbir — “Intellektual haftalik”ning Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Bu bosqichda mamlakat bo‘ylab tanlab olingan 50 ta oliy ta’lim muassasasi jamoalari ishtirok etdi. Ushbu nufuzli tanlovda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) jamoasi ham munosib ishtirok etib, Zakovat va Breyn-ring intellektual o‘yinlarida faxrli o‘rinlarni egalladi.
JIDU jamoasining bu yutuqlari nafaqat ularning bilim saviyasi, balki jamoaviy fikrlash, mantiqiy tafakkur va intellektual salohiyatining yuqoriligini ham namoyon etdi. Tanlov davomida talabalar dolzarb mavzular, tarixiy faktlar, iqtisodiy va siyosiy tushunchalar bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyish etib, raqobatbardosh jamoalar bilan bellashdilar. Zakovat va Breyn-ring o‘yinlarida JIDU jamoasi yuqori darajadagi savollarga aniq, asosli javoblar berib, hakamlar hay’ati va tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Mazkur g‘alaba evaziga JIDU jamoasi pul mukofoti va diplom bilan taqdirlandi. Bu esa universitet talabalari uchun nafaqat rag‘bat, balki intellektual rivojlanish yo‘lida yana bir qadam oldinga siljishdir. Ushbu natija universitetda yoshlarga yaratilayotgan intellektual muhit, bilimga bo‘lgan intilish va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarining samarasi ekanligini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 16-may kuni bo‘lib o‘tgan saralash bosqichida 145 ta oliy ta’lim muassasasi jamoalari ishtirok etgan edi. Shiddatli bahs-munozaralar va qizg‘in bellashuvlar natijasida eng kuchli deb topilgan 50 ta OTM jamoasi Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. JIDU jamoasi ham ushbu saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, Respublika bosqichiga yo‘llanma olgan edi.
Mazkur tanlov respublikamizda intellektual salohiyatni rivojlantirish, talaba-yoshlarning bilimga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ijodiy va mantiqiy fikrlash qobiliyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan. Shuningdek, bu kabi loyihalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularda vatanparvarlik va jamoaviylik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
JIDU jamoasining bu kabi yutuqlari universitetning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish bilan birga, talabalarning shaxsiy intellektual rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Universitet jamoasi nomidan musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan barcha talaba-yoshlarimizni chin dildan tabriklaymiz! Ularning kelgusida ham shunday yuksak marralarni zabt etishiga tilakdoshmiz.