
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 12-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida 2025–2026-o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi tantanali ravishda o‘tkazildi.
Joriy o‘quv yilida akademik litseyni jami 393 nafar o‘quvchi muvaffaqiyatli tamomladi. Bitiruvchilarning salmoqli qismi o‘qish davomida yuqori natijalarga erishib, fan olimpiadalari, turli tanlovlar hamda jamoat ishlarida faol ishtirok etib, o‘zlarining bilim va salohiyatlarini namoyon etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risida»gi 154-son qaroriga muvofiq, a’lo o‘qishi, namunali xulqi hamda jamoat ishlaridagi faolligi uchun 5 nafar bitiruvchi oltin medal, 8 nafar bitiruvchi kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, 73 nafar o‘quvchiga «A’lo darajali diplom» topshirildi.
Akademik litseyda ta’lim olayotgan yoshlarning xalqaro va milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritish borasidagi natijalari ham alohida e’tirof etildi. Xususan, muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun eng yuqori 189 ballni jamg‘argan, 4 va undan ortiq fanlardan xalqaro hamda milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan 22 nafar bitiruvchi «Akademik litsey iftixori» esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.
Tadbirda akademik litseyning xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi yutuqlari ham alohida qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-maydagi «Xizmat ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PIQ–5113-son qarori asosida akademik litsey tomonidan Germaniyaning Yevropa Viadrina universiteti hamda Xalqaro Nordik universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qo‘shma ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilarga tegishli sertifikatlar topshirildi.
Mazkur dasturlar doirasida 9 nafar bitiruvchi Germaniyaning Yevropa Viadrina universitetiga grant asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri 2-kursga, 5 nafar bitiruvchi esa universitetning 1-kursiga qabul qilindi. Shuningdek, 23 nafar bitiruvchi Xalqaro Nordik universitetining 2-kurs, 54 nafari 1-kursga o‘qishga qabul qilinib, o‘z ta’limini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tadbir davomida ta’lim-tarbiya jarayoniga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, yosh avlodni har tomonlama barkamol inson etib tarbiyalash yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan ustozlar mehnati ham yuksak qadrlanib, 9 nafar pedagog turli nominatsiyalar bo‘yicha esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar bitiruvchilarni navbatdagi muhim hayot bosqichi bilan tabriklab, ularga kelgusidagi o‘qishlari va faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar.
| Sana: | 14.06.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 63 |
| Ulashish: |



