JIDU talabalari uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida sayyor dars tashkil etildi

JIDU talabalari uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida sayyor dars tashkil etildi

    JIDU talabalari uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida sayyor dars tashkil etildi

    JIDU talabalari uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida sayyor dars tashkil etildi

    Joriy yilning 6-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari” kafedrasi dotsenti Z.S. Israilova, kafedra katta o‘qituvchilari A.A. Abdujalilov, D.B. Soliyev hamda kurs koordinatori A.A. Nasimjonov tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Xalqaro huquq” fakulteti 1-bosqich talabalari uchun “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining davlat hokimiyati bo‘linishidagi o‘rni va faoliyatining amaliy ahamiyati” mavzusida sayyor amaliy dars mashg‘uloti tashkil etildi. Mazkur tashabbus talabalarning konstitutsiyaviy-huquqiy bilimlarini amaliy parlamentarizm jarayonlari bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, bo‘lajak huquqshunoslarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

    Amaliy mashg‘ulot davomida talabalar O‘zbekiston Respublikasida hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi, parlament faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari hamda qonun ijodkorligi jarayonining amaliy mexanizmlari bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, ular qonun loyihalarini ishlab chiqish, qo‘mitalarda dastlabki muhokama qilish, fraksiyalar faoliyati, yalpi majlislarda qonunlarni ko‘rib chiqish va qabul qilish tartib-taomillari haqida tizimli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mas’ul xodimlari va mutaxassislari bilan tashkil etilgan interaktiv muloqot davomida talabalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning zamonaviy bosqichi, parlament diplomatiyasi, xalqaro parlamentlararo hamkorlik hamda O‘zbekiston parlamentining xalqaro huquqiy maydondagi nufuzi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

    Mazkur tashabbus Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) doirasida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, ushbu amaliy dars SDG 4 - “Sifatli ta’lim” maqsadiga muvofiq ravishda talabalar uchun nazariy va amaliy bilimlar uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qilgan bo‘lsa, SDG 16 - “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” maqsadi doirasida yoshlarda demokratik qadriyatlar, parlament madaniyati, qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy institutlarga hurmat ruhini shakllantirishga hissa qo‘shdi.

    Shuningdek, mazkur hamkorlik SDG 17 - “Maqsadlar uchun hamkorlik” yo‘nalishiga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi o‘rtasidagi institutsional hamkorlikni mustahkamlash, ta’lim va davlat boshqaruvi amaliyoti integratsiyasini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.