
JIDUga Vashingtondagi Amerika universiteti professori Maykl Brodi tashrif buyurdi
JIDUga Vashingtondagi Amerika universiteti professori Maykl Brodi tashrif buyurdi

2025-yil 6-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Vashingtondagi Amerika universitetining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassisi, professor Maykl Brodi tomonidan mehmon ma’ruza o‘tkazildi.
Professor Maykl Brodi “Global iqlim o‘zgarishi va Markaziy Osiyodagi suv resurslarining kelajagi” mavzusida ma’ruza o‘qib, unda iqlim o‘zgarishining asosiy jihatlari va uning mintaqamizga ta’siri batafsil tahlil qilindi.
Ma’ruzasi davomida professor Brodi global iqlim o‘zgarishi haqidagi so‘nggi ma'lumotlarni taqdim etib, issiqxona effekti va 1750-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda karbonat angidrid konsentratsiyasining o‘zgarishini tushuntirdi. Professor iqlim o‘zgarishining aniq kuzatishlarini, jumladan, tog‘ hududlaridagi muzliklarning qisqarishini va umumiy haroratning ko‘tarilishini ko‘rsatib, issiqlikning suv resurslariga ta’sirini va yomg‘irlarning o‘zgarishiga doir prognozlarni muhokama qildi. Professor, iqlim o‘zgarishiga moslashishning katta moliyaviy sarmoyalarni talab qilishini ta’kidladi va global isishning kelajakdagi iqlim sharoitlariga bo‘lgan ta’sirini tahlil qildi.
Talabalar ma’ruzaga katta qiziqish bildirishdi va professor Brodiga bir qator savollar berdilar. Muhokamalar davomida iqlim o‘zgarishlarining suv resurslariga bo‘lgan ta’siri, moslashuv choralarini ko‘rish va ekologik muammolarni hal qilishda xalqaro hamkorlikning roli kabi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Talabalar ma’ruzani juda foydali va dolzarb deb baholashdi, bu esa ularga iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq global va mintaqaviy chaqiriqlarni yanada chuqurroq tushunishga yordam berdi.