
JIDUda “Yashil” investitsiyalar va moliyaviy texnologiyalarga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Yashil” investitsiyalar va moliyaviy texnologiyalarga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

2025-yil 7-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yashil investitsiyalar va moliyaviy texnologiyalar: O‘zbekiston uchun imkoniyatlar va muammolar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ushbu anjuman JIDU “Xalqaro moliya va investitsiyalar” kafedrasi va Xalqaro Nordik universitetining “Iqtisodiyot va biznesni boshqarish” kafedralari hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur konferensiya mamlakatimizda barqaror iqtisodiy rivojlanish masalalarini muhokama qilish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish hamda yashil investitsiyalarni jalb qilish va yashil moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari D.Fayziyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori O.Hakimov, Xalqaro Nordik universiteti rektori Sh.Mustafoqulovlar tabrik so‘zi bilan ishtirok etib, ushbu mavzuning bugungi kundagi dolzarb mavzulardan biri ekanligi haqida fikr yuritdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Yashil iqtisodiyot boshqarmasi boshlig‘i Sh.Islamov, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi R.Kusherbayev, JIDU "Xalqaro iqtisodiyot" kafedrasi dotsenti S.Turayeva, Xalqaro Nordik universiteti dotsenti R.Mardanova, Markaziy Osiyo universiteti dotsenti Elif Kutlugun, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi R.Nuridinovlar mavzuning amaliy jihatlarini yoritishda ishtirok etishdi. Shuningdek, turli mamlakatlardan ishtirok etgan ekspertlar ham bu tadbirda o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Konferensiya yakunida ochiq muhokama tashkil etilib, unda ishtirokchilar mamalaktning yashil investitsiya siyosatini takomillashtirish, yashil iqtisodiyotda mavjud bo‘lgan imkoniyatlar, yashil iqtisodiyotga o‘tish mobaynida yuz berishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularga amaliy yechimlar taklif qildilar hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida fikr almashdilar.
Suv xo‘jaligida yashil texnologiyalarga sarmoya kiritishga, bu orqali suvni samarali boshqarish uchun zarur infratuzilmani ta’minlashga katta e’tibor qaratildi.
Mazkur tadbir O‘zbekistonda ekologik jihatdan mas’uliyatli va barqaror iqtisodiy modelni shakllantirishda ilm-fan va xalqaro muloqotning ortib borayotgan ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha saralangan ma’ruzalar asosida materiallar to‘plami nashr etilishi va amaliy tavsiyalar manfaatdor tashkilotlarga yuborilishi kelishib olindi.