JIDU rektori “Islohotlar va hamkorlik: O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining yangi kun tartibi” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi

JIDU rektori “Islohotlar va hamkorlik: O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining yangi kun tartibi” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi

    JIDU rektori “Islohotlar va hamkorlik: O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining yangi kun tartibi” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi

    JIDU rektori “Islohotlar va hamkorlik: O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining yangi kun tartibi” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi

    25-fevral kuni Yevropa parlamentida O‘zbekiston delegatsiyasining Bryusselga tashrifi doirasida “Islohotlar va hamkorlik: O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining yangi kun tartibi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda Yevroparlamentning O‘zbekiston bo‘yicha doimiy ma’ruzachisi Ilxan Kyuchuk, barcha parlament fraksiyalarining deputatlari va siyosiy maslahatchilari, Yevropa Ittifoqi institutlari, tahliliy markazlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari – jami 50 dan ortiq kishi ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev qatnashdi.

    Munozaralar davomida O‘zbekiston tomoni Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalarini taqdim etdi. Bunda demokratik o‘zgarishlar, iqtisodiyotni erkinlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlash va aholi turmush darajasini oshirishga alohida urg‘u berildi. Shuningdek, mamlakatning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga hamda strategik sheriklikning muvozanatli arxitekturasini shakllantirishga qaratilgan ochiq va pragmatik tashqi siyosati tamoyillari alohida bayon qilindi.

    Yevropalik ishtirokchilar Markaziy Osiyoning Yevropa uchun geoiqtisodiy ahamiyati ortib borayotganini qayd etdilar. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning (KSHHB) 2025-yil 24-oktyabrda imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lgani ta’kidlandi. Hujjatning ratifikatsiya qilinishi va amalda tatbiq etilishi savdo, investitsiyalar, transport, o‘ta muhim resurslar sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun mustahkam institutsional asos yaratishi lozimligi aytib o‘tildi.

    Yevropa parlamenti va YI institutlari vakillari o‘z chiqishlarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdilar. Ularning izchil va tizimli ekani, shuningdek, qulay sarmoyaviy muhitni shakllantirishda erishilgan yutuqlar alohida ta’kidlandi. Mazkur o‘zgarishlar yevropalik hamkorlarning ishonchini mustahkamlashga va O‘zbekiston bozorining biznes uchun jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

    Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga va Yevropa kompaniyalarining O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga qiziqishi ortib borayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatning Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi transport va energetika o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirishdagi strategik roli, jumladan, logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishning muhim elementi sifatida Transkaspiy transport yo‘lagini ilgari surish zarurligi ta’kidlandi.

    Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahalliy ishlab chiqarish zanjirlarini yaratishga urg‘u berilgan holda o‘ta muhim materiallar ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish alohida yo‘nalish sifatida belgilandi. Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va barqaror rivojlanishning zamonaviy standartlarini joriy etish salohiyati mavjudligi qayd etildi.

    Shuningdek, tomonlar Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” va “Horizon Europe” kabi ta’lim va ilmiy dasturlari doirasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini, shuningdek, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, “yashil” iqtisodiyot va mehnat mobilligi sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini ham ta’kidladilar.

    O‘tkazilgan davra suhbati yevropalik hamkorlarning siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda infratuzilmaviy va sarmoyaviy tashabbuslarni, jumladan, YIning “Global darvoza” strategiyasi doirasida birgalikda amalga oshirishdan manfaatdorligi yuqori ekanini yana bir bor tasdiqladi.