
Suv resurslarini boshqarish xalqaro institutining vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Suv resurslarini boshqarish xalqaro institutining vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2025-yil 5-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari - Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori S. Safoyevning Xalqaro suv resurslarini boshqarish institutining (IWMI) O‘zbekistondagi vakili Barbara Yanush-Pavletta bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida B.Yanush-Pavletta universitetning energetik xavfsizlik tadqiqotlari va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish sohasidagi faoliyati, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) bilan suv diplomatiyasi bo‘yicha qo‘shma magistrlik dasturini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, “Executive education” fakultetining imkoniyatlari bilan tanishtirildi.
Mehmon JIDUning TIQXMMI bilan olib borayotgan ishlari suv resurslarini boshqarishning ham texnik, ham siyosiy jihatlarini o‘z ichiga olgan fanlararo yondashuv bo‘lib, nafaqat ta’lim, balki tadqiqot sohalarida ham hamkorlikni rivojlantirish uchun katta qiziqish uyg‘otayotganini ta’kidladi.
Muzokaralar chog‘ida B.Yanush-Pavletta Suv diplomatiyasi bo‘yicha magistrlik dasturini ishga tushirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
JIDU rahbariyati yosh mutaxassislar va professorlarning suv mavzusidagi xabardorligi va malakasini oshirish maqsadida qisqa muddatli kurslar tashkil etish taklifini bildirdi. Shu bilan birga, “Executive education” fakulteti negizida davlat sektori vakillari uchun suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha treninglar tashkil etish masalasini ishlab chiqish taklif qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni jadallashtirish bo‘yicha keyingi amaliy qadamlarni batafsil muhokama qilishga kelishib oldilar.
Ta’kidlash joizki, uchrashuv doirasida B.Yanush-Pavletta JIDU talabalari uchun “Aral Sea Basin Manajement” mavzusida ma’ruza o‘qidi.
Sana: | 06.05.2025 |
Ko'rganlar soni: | 89 |
Ulashish: |