
Oliygoh va mahalla hamkorligi: “Xalqaro moliya va investitsiyalar” kafedrasi vakillari “Pastki Yuz” MFYda bo‘ldi
Oliygoh va mahalla hamkorligi: “Xalqaro moliya va investitsiyalar” kafedrasi vakillari “Pastki Yuz” MFYda bo‘ldi

2026-yilning 25-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro moliya va investitsiyalar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari A. Abdullayev hamda N. Malikov Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Pastki Yuz” mahalla fuqarolar yig‘iniga (MFY) tashrif buyurib, mahalla faollari va yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Uchrashuv oliy ta’lim muassasasi va mahalla o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga yo‘naltirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida “Xalqaro moliya va investitsiyalar” kafedrasi mudiri v.b. A. Abdullayev so‘zga chiqib, universitet va mahalla hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, uchrashuv avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-21-son Farmonida mahalla institutining o‘rni, mazmun-mohiyati hamda bu borada belgilangan istiqbolli rejalar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Shuningdek, mahalla yoshlarining intellektual salohiyatini oshirish maqsadida universitet qoshida faoliyat yuritayotgan o‘quv kurslari va to‘garaklar, jumladan, ingliz tilini chuqurlashtirib o‘rgatish hamda SAT xalqaro imtihonlariga tayyorlash dasturlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng kafedra katta o‘qituvchisi N. Malikov bugungi mehnat bozoridagi talablar, yoshlarning o‘z qobiliyatiga mos kasb tanlashi va ularni zamonaviy sohalarga yo‘naltirishning samarali mexanizmlari yuzasidan ma’ruza qildi. Shuningdek, mahalla yoshlarining tadbirkorlik ko‘nikmalari va moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida ularni universitetda faoliyat yuritayotgan “Startap” hamda “Moliya va investitsiyalar” to‘garaklarida faol ishtirok etishga taklif etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ko‘tarilgan masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashib, kelgusida mahalla yoshlari uchun muntazam ravishda mahorat darslari, seminar-treninglar hamda universitetga tanishuv ekskursiyalarini tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.




