JIDUda Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy emblemalarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

JIDUda Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy emblemalarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy emblemalarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy emblemalarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

    2026-yil 30-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida (JIDU) Xalqaro huquq fakultetining 4-kurs talabalari uchun “Xalqaro gumanitar huquq” fani doirasida “Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy emblemalarini himoya qilish” mavzusida mahorat darsi “Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari” kafedrasi dotsenti Xamdamova Sh. M. tomonidan tashkil etildi.

    Mashg‘ulotda Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining (XQXQ) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Marat Sayarovich Aminov ishtirok etdi. Mahorat darsi xalqaro gumanitar huquqda himoya emblemalarining huquqiy maqomi, ularni qo‘llash qoidalari va ulardan noto‘g‘ri foydalanishning oqibatlariga bag‘ishlandi.

    Mashg‘ulot davomida Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy emblemalarining qurolli mojarolar sharoitida tibbiy xodimlar, tibbiy tuzilmalar va transport vositalarini identifikatsiya qilish hamda himoya qilishdagi ahamiyati ko‘rib chiqildi. Emblemalarning himoya belgisi va farqlovchi belgi sifatida qo‘llanilishi o‘rtasidagi tafovutlarga alohida e’tibor qaratildi.

    Shuningdek, 1949-yilgi Jeneva konvensiyalari va ularga Qo‘shimcha protokollarda belgilangan qoidalar, emblemalarni hurmat qilish va ulardan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha davlatlarning majburiyatlari muhokama qilindi. Emblemalardan ruxsatsiz foydalanish, ularni taqlid qilish va qurolli mojaro paytida suiiste’mol qilish bilan bog‘liq huquqiy masalalar tahlil etildi.

    Mahorat darsining amaliy qismida talabalar turli vaziyatlarda emblemalarni qo‘llashning qonuniyligini xalqaro gumanitar huquq normalari asosida baholash masalalarini muhokama qildilar. Savol-javoblar davomida himoya belgilarining daxlsizligini ta’minlash, ularni noto‘g‘ri qo‘llashning oldini olish va milliy qonunchilikdagi tegishli choralar yuzasidan fikr almashildi.

    Mazkur mahorat darsi talabalarning xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha nazariy bilimlarini amaliy masalalar bilan bog‘lash, xalqaro huquq normalarini aniq vaziyatlarda qo‘llash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda gumanitar himoya belgilariga hurmat tamoyilini chuqurroq anglashga xizmat qildi.