
JIDUda Barqaror rivojlanishda xorijiy investitsiyalarning o‘rniga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
JIDUda Barqaror rivojlanishda xorijiy investitsiyalarning o‘rniga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 26-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida “Milliy strategiyalarni amalga oshirish doirasida barqaror rivojlanishda xorijiy investitsiyalarning o‘rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Anjuman JIDUning “B” binosida oflayn va onlayn ishtirokchilarni qamrab olgan holda gibrid formatda tashkil etildi.
Tadbirni kirish so‘zlari bilan JIDU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Timur Dadabayev, “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” fakulteti dekani Elbek Abdullayev hamda “Xalqaro moliya va investitsiyalar” kafedrasi professori, favqulodda va muxtor elchi Ibragim Mavlanov ochib berdilar. Konferensiyaning asosiy maqsadi milliy strategiyalarni amalga oshirish jarayonida xorijiy investitsiyalarning barqaror rivojlanishdagi o‘rnini ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilish, institutsional islohotlarni chuqurlashtirish hamda investitsiya muhitini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Yalpi majlis davomida turli ilmiy va amaliy markazlar vakillari dolzarb mavzularda ma’ruza qildilar. Jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Tashqi siyosat va xavfsizlik sohalaridagi islohotlarni monitoring va tahlil qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Fotihjon Qodirov, Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti kafedra mudiri Shavkat Xusainov, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filialidan Nigora Talipova, Tatyana Dergachova va Anora Gulyamova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidan Zokir Sodikov, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetidan Dilmurod Sidiqov, “TuronBank” ATBdan Shoxrux Qo‘chqarov hamda Xalqaro Nordik universitetidan Javlonbek O‘razaliyev o‘z tadqiqotlari yuzasidan ma’ruza qildilar. Shuningdek, JIDU vakillari Abbos Abdujalilov, Bahodir Ishmuradov va Nu’monjon Malikov ham mazkur mavzu doirasida ma’ruza qildilar.
Ma’ruzalarda asosiy e’tibor sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, raqamli transformatsiya va moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, “yashil” energetika hamda sirkulyar iqtisodiyot modellarini joriy etishda xorijiy kapital va xalqaro moliya institutlarining o‘rniga qaratildi. Bundan tashqari, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, hududlarning investitsion jozibadorligini baholash, kreativ iqtisodiyotni moliyalashtirish hamda xorijiy investorlar uchun due diligence mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, ishtirokchilar xalqaro investitsiya shartnomalarida adolatli va teng huquqli rejimni qo‘llash, vakolatli iqtisodiy operatorlar dasturining zamonaviy tendensiyalari, xalqaro transport koridorlari va infratuzilma loyihalarida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish kabi muhim yo‘nalishlarni ko‘rib chiqdilar. O‘zbekistonning milliy taraqqiyot strategiyalarida investitsiya siyosati evolyutsiyasi hamda tijorat banklarida yosh kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalalari ham alohida e’tiborda bo‘ldi.
Konferensiya yakunida savol-javoblar va ilmiy munozaralar o‘tkazilib, respublikada investitsiya muhitini yaxshilash va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Anjuman materiallari to‘plam holida chop etilib, universitetning rasmiy veb-sahifasida joylashtirilishi belgilandi.
| Sana: | 26.11.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 18 |
| Ulashish: |



