JIDUDA INVESTITSIYA ARBITRAJI QARORLARINI IJRO ETISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

JIDUDA INVESTITSIYA ARBITRAJI QARORLARINI IJRO ETISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

    JIDUDA INVESTITSIYA ARBITRAJI QARORLARINI IJRO ETISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

    JIDUDA INVESTITSIYA ARBITRAJI QARORLARINI IJRO ETISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

    Joriy yilning 21-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” fakulteti talabalari uchun “Xalqaro investitsiya huquqi” fani doirasida “Investitsiya arbitraji: qarordan keyin nima bo‘ladi?” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi shogird-o‘qituvchisi X.Shaydullayev tomonidan tashkil etildi. Ma’ruzachi sifatida “Rahmat Tech” MChJ fintex kompaniyasi yuristi Marjona Ortiqova ishtirok etdi.

    Mashg‘ulotda investor va davlat o‘rtasidagi nizolarni hal etish (ISDS) jarayonida arbitraj qarori chiqarilganidan keyingi bosqich tahlil qilindi. Ma’ruzachi investor foydasiga chiqarilgan qaror kompensatsiya avtomatik ravishda olinishini anglatmasligini ta’kidlab, qarorni bekor qilish, tan olish va undiruv qaratish o‘rtasidagi farqni tushuntirib berdi. 1965-yilgi Vashington konvensiyasi (ICSID) bo‘yicha qarorni bekor qilish asoslari va uni ijro etish tartibi, shuningdek boshqa arbitraj qarorlariga nisbatan 1958-yilgi Nyu-York konvensiyasining V moddasi qiyosiy tarzda ko‘rib chiqildi.

    Davlat immuniteti masalasiga alohida e’tibor qaratildi: yurisdiksiyadan immunitet va undiruvdan immunitet farqi, davlatning suveren va tijoriy harakatlari, BMTning 2004-yilgi konvensiyasi hamda AQSh qonunchiligi tahlil qilindi. Crystallex Venesuelaga qarshi ishi misolida 1,2 mlrd AQSh dollari miqdoridagi qarorni ijro ettirish yillab davom etishi mumkinligi ko‘rsatib berildi.

    Ushbu mahorat darsi Barqaror rivojlanishning 16-maqsadi – “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” hamda 17-maqsadi – “Maqsadlar yo‘lida hamkorlik” g‘oyalari bilan hamohangdir. Tadbir yakunida talabalar ma’ruzachiga savollar berib, fikr almashdilar. Bu kabi mashg‘ulotlar bo‘lajak mutaxassislarda nazariya va amaliyotning uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qiladi.