JIDUDA ARBITRAJ QARORLARINI TAN OLISH VA IJRO ETISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

JIDUDA ARBITRAJ QARORLARINI TAN OLISH VA IJRO ETISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

    JIDUDA ARBITRAJ QARORLARINI TAN OLISH VA IJRO ETISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

    JIDUDA ARBITRAJ QARORLARINI TAN OLISH VA IJRO ETISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

    Joriy yilning 17-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida xalqaro arbitraj sohasining eng dolzarb yo‘nalishlaridan biri – “Arbitraj qarorini tan olish va ijro etish hamda uning muammolari” mavzusiga bag‘ishlangan mahorat darsi gibrid formatda bo‘lib o‘tdi: ishtirokchilar universitet auditoriyasida to‘plangan bo‘lsa, ma’ruzachi tadbirga Zoom platformasi orqali onlayn ulandi. Mazkur tadbir talabalarga arbitraj qarori chiqarilganidan keyingi bosqich – uni chet davlatlarda tan oldirish va ijro ettirish jarayonida yuzaga keladigan amaliy va huquqiy to‘siqlarni xalqaro tajriba asosida yoritib berish maqsadida “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi shogird-o‘qituvchisi X.Shaydullayev tomonidan tashkil etildi.

    Mahorat darsida asosiy ma’ruzachi sifatida “Trailblazers Chambers” yuridik firmasining boshqaruvchi hamkori, Reding universitetining (Buyuk Britaniya) xalqaro tijorat huquqi magistri Caleb Joseph ishtirok etdi. Tadbirga kafedra assistent-o‘qituvchisi Xayitmurod Shaydullayev moderatorlik qildi. Mashg‘ulotda “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda, JIDU magistrantlari faol qatnashib, ma’ruzachiga o‘z savollarini berdilar va fikr almashdilar.

    Mashg‘ulot davomida arbitraj qarorining yakuniyligi tamoyili, qarorni tribunalning boshqa protsessual hujjatlaridan farqlash mezonlari hamda uning shakliga qo‘yiladigan talablar – yozma shakl, imzolar, asoslantirilganlik, sana va arbitraj joyi atroflicha tahlil qilindi. Ma’ruzachi qarordan norozi taraf uchun ikki yo‘l mavjudligini – arbitraj joyidagi sudda qarorni bekor qildirish (UNCITRAL Namunaviy qonunining 34-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi Qonunining 50-moddasi) hamda qaror ijro etilayotgan davlatda uning ijrosiga e’tiroz bildirishni izohlab berdi. Angliyaning 1996-yilgi Arbitraj to‘g‘risidagi qonunining 67, 68 va 69-bo‘limlari, ularga 2025-yilda kiritilgan o‘zgartirishlar hamda Dallah v Pakistan, Lesotho Highlands, Nigeria v P&ID kabi mashhur sud ishlari misolida bunday arizalar amalda juda kam hollarda qanoatlantirilishi ko‘rsatib berildi.

    Shuningdek, uchrashuvda 1958-yilgi “Xorijiy arbitraj qarorlarini tan olish va ijro etish to‘g‘risida”gi Nyu-York konvensiyasi muhokama markazida bo‘ldi. Bugungi kunda konvensiyada 170 dan ortiq davlat ishtirok etayotgani, O‘zbekiston unga 1996-yilda qo‘shilgani qayd etildi. Qarorni tan olish va uni ijro etish o‘rtasidagi farq, konvensiyaning V moddasida nazarda tutilgan rad etish asoslarining yopiq ro‘yxati, ayniqsa ommaviy tartib (public policy) tushunchasi amaliy misollar orqali tahlil qilindi. Bundan tashqari, arbitraj joyida bekor qilingan qarorni boshqa davlatda ijro etish mumkinligi borasidagi turli yondashuvlar hamda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar – Toshkent xalqaro arbitraj markazining (TIAC) tashkil etilishi, 2021-yilgi qonun, Oliy sud Plenumining tushuntirishlari va Toshkent xalqaro tijorat sudining tashkil etilishi muhokama qilindi. Ushbu ilmiy-amaliy muloqot Barqaror rivojlanishning 16-maqsadi – “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” hamda 17-maqsadi – “Maqsadlar yo‘lida hamkorlik” g‘oyalari bilan hamohangligi bilan ajralib turadi. Arbitraj qarorlarining ishonchli ijro mexanizmi mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro savdo aloqalari barqarorligining muhim kafolati ekanligi alohida ta’kidlandi.

    Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zbek va nemis kompaniyalari o‘rtasidagi shartli nizo asosida tayyorlangan amaliy keysni guruhlarda tahlil qilib, o‘z xulosalarini taqdim etdilar. Shuningdek, BRMning 16.3-bandi – “Qonun ustuvorligini ta’minlash va odil sudlov imkoniyatlarini kengaytirish” tamoyillari arbitraj qarorlarining yakuniyligi va ularni chegaralararo ijro etish kafolatlari bilan qanchalik uzviy bog‘liqligi xususida xulosalar qilindi. Bu kabi mahorat darslari bo‘lajak mutaxassislarda xalqaro huquqiy tafakkurni rivojlantirishga hamda nazariya va amaliyotning mustahkam integratsiyasini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasizdir.