
JIDUda Moliyaviy xavfsizlik klubi o‘z faoliyatini boshladi
JIDUda Moliyaviy xavfsizlik klubi o‘z faoliyatini boshladi

2026-yil 18-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Naubaxar Baxadir qizi Uzakbayeva rahbarligida tashkil etilgan Moliyaviy xavfsizlik klubining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tashabbus talabalarning moliyaviy xavfsizlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularning kasbiy salohiyatini oshirish hamda ushbu yo‘nalishdagi ilmiy-amaliy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Klubga a’zo bo‘lish uchun e’lon qilingan so‘rovnomada 90 nafardan ortiq talaba ishtirok etdi. Dastlabki uchrashuvda esa “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar”, “Xalqaro munosabatlar” va “Xalqaro huquq” ta’lim yo‘nalishlaridan 50 nafardan ziyod talaba qatnashdi.
Ochilish marosimida Xalqaro huquq fakulteti dekani Serikbek Alpamisovich Muratayev, Yoshlar salohiyatini rivojlantirish ofisi boshlig‘i Farrux Muzaffarovich Tashev, Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri Nargiza Rashitovna Kadirova, shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari va koordinatorlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida klub rahbari Naubaxar Uzakbayeva ishtirokchilarni klub ustavi, maqsad va vazifalari, asosiy faoliyat yo‘nalishlari hamda joriy o‘quv yiliga mo‘ljallangan ish rejasi bilan tanishtirdi.
Ta’kidlanganidek, klub faoliyati talabalarning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish, moliyaviy monitoring, moliyaviy savodxonlik hamda zamonaviy moliyaviy tahdidlarning oldini olish bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan.
Klubning yillik ish rejasi doirasida bank-moliya muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va xorijiy oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, amaliy uchrashuvlar hamda bilim almashish tadbirlarini tashkil etish nazarda tutilgan. Shuningdek, talabalarni Xalqaro moliyaviy xavfsizlik olimpiadasiga tayyorlash klub faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Uchrashuv davomida mazkur olimpiada finalchisi Asilbek Aliyev o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U olimpiadaning asosiy bosqichlari, tayyorgarlik jarayoni va ishtirok etish imkoniyatlari haqida ma’lumot berib, olimpiada hamda safar davomida olingan videolavhalarni namoyish etdi.
Tadbir yakunida talabalar klub faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, batafsil javob oldilar. Uchrashuv ishtirokchilari klub tashabbuslariga katta qiziqish bildirib, a’zolik uchun arizalar topshirdilar.
Moliyaviy xavfsizlik klubining tashkil etilishi universitetda talabalarning amaliy bilimlarini kengaytirish, moliyaviy-huquqiy savodxonligini oshirish hamda soha mutaxassislari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biridir.
Mazkur tashabbus BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohangdir. Xususan, 16-BRM — “Tinchlik, adolat va samarali institutlar”ning 16.4-vazifasi doirasida noqonuniy moliyaviy oqimlarni qisqartirishga qaratilgan bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, 4-BRM — “Sifatli ta’lim”ning 4.4-vazifasiga muvofiq talabalarning kasbiy kompetensiyalari va moliyaviy savodxonligini rivojlantirishga hissa qo‘shadi. Davlat organlari, bank-moliya muassasalari va xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish esa 17-BRM — “Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik” maqsadlariga mos keladi.
| Sana: | 19.11.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 9 |
| Ulashish: |




