
JIDUda Iordaniya Podshohi Abdulla II ning kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
JIDUda Iordaniya Podshohi Abdulla II ning kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

2026-yil 13-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II qalamiga mansub “Our Last Best Chance: The Pursuit of Peace in a Time of Peril” (“So‘nggi eng yaxshi imkoniyatimiz: tahlika davrida tinchlikka intilish”) kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Iordaniya Podshohining asarida yoritilgan xalqaro munosabatlar, diplomatiya, mintaqaviy xavfsizlik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish istiqbollariga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Demiya Zuhayr Haddad, shuningdek, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), akademik va ekspert doiralari vakillari ishtirok etdi.
“Our Last Best Chance: The Pursuit of Peace in a Time of Peril” avtobiografik asar bo‘lib, unda Podshoh Abdulla II davlat boshqaruvi va diplomatik faoliyatdagi tajribasi, xalqaro siyosat haqidagi mulohazalari hamda zamonaviy dunyoning asosiy muammolariga doir qarashlari bilan o‘rtoqlashadi. Kitobda Isroil–Falastin mojarosi, mintaqaviy barqarorlik, terrorizmga qarshi kurashish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Tadbirda asosiy ma’ruza bilan elchi, JIDU Xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti Anvar Abduhalimov ishtirok etdi. U asarning asosiy g‘oyalarini taqdim etib, muallifning Yaqin Sharqdagi siyosiy jarayonlar, xavfsizlik masalalari hamda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishda diplomatiyaning o‘rni haqidagi qarashlarini yoritib berdi.
Tadbir davomida barqaror tinchlikni ta’minlashda siyosiy muloqot, xalqaro hamkorlik va diplomatik tashabbuslarning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar Iordaniyaning tashqi siyosiy yondashuvlari, Yaqin Sharq mintaqasidagi zamonaviy tahdidlar hamda global beqarorlik sharoitida davlatlar o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikning muhim jihatlarini muhokama qildilar.
Shuningdek, asarda ilgari surilgan siyosiy yetakchilik, davlat arboblarining mas’uliyati va murakkab xalqaro ziddiyatlarni hal etishda o‘zaro murosaga erishish zarurati haqidagi fikrlar alohida qiziqish uyg‘otdi. Muhokamalar kitobda bayon etilgan g‘oyalarni zamonaviy geosiyosiy jarayonlar nuqtayi nazaridan tahlil qilish imkonini berdi.
Mazkur taqdimot akademik va ekspertlar muloqotini kengaytirish, Yaqin Sharqdagi siyosiy jarayonlarni chuqurroq anglash, shuningdek, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamda intellektual aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
| Sana: | 13.11.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 38 |
| Ulashish: |




