JIDU talabalari uchun O‘zbekiston ekologik partiyasida amaliy dars tashkil etildi

JIDU talabalari uchun O‘zbekiston ekologik partiyasida amaliy dars tashkil etildi

    JIDU talabalari uchun O‘zbekiston ekologik partiyasida amaliy dars tashkil etildi

    JIDU talabalari uchun O‘zbekiston ekologik partiyasida amaliy dars tashkil etildi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro munosabatlar fakultetining 1-kurs talabalari uchun «Siyosatshunoslik» fani doirasida O‘zbekiston Ekologik partiyasiga amaliy dars tashkil etildi. Tadbir Siyosatshunoslik kafedrasi o‘qituvchilari G. Djumayeva, D. Xudoyberganova, M. Sobirjonova hamda N. Kushayevalar rahbarligida o‘tkazildi.

    Amaliy darsdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarning O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar, ularning tashkiliy tuzilmasi, dasturiy maqsadlari hamda jamiyat siyosiy hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqidagi bilimlarini chuqurlashtirishdan iborat bo‘ldi.

    Tashrif davomida talabalar O‘zbekiston Ekologik partiyasining faoliyati, uning asosiy ustuvor yo‘nalishlari va ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslari bilan yaqindan tanishdilar.

    Amaliy darsning interaktiv qismi doirasida talabalar uchun O‘zbekiston hududlaridagi global va mahalliy ekologik muammolar hamda ularning yechimlariga bag‘ishlangan qiziqarli intellektual o‘yin tashkil etildi. Unda talabalar guruhlarga bo‘linib, har bir guruh muayyan viloyatni tanladi. Ishtirokchilar tanlangan hududdagi dolzarb ekologik muammolarni aniqlash, ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish va amaliy yechimlarni taklif etish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdilar. Qisqa savol-javoblar va jamoaviy muhokamalar asosida o‘tgan o‘yin talabalarning tahliliy fikrlash, muammolarga yechim topish va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.

    Mazkur tashrif «Siyosatshunoslik» fani doirasida talabalarga berilgan siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy topshiriq bilan ham uzviy bog‘liqdir. Xususan, talabalar tashrif davomida olgan bilim va tajribalaridan foydalanib, ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan siyosiy tashabbuslarni ishlab chiqish hamda ularni saylovoldi dasturi va manifest shaklida ifodalash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

    Tashrif davomida to‘plangan bilim va taassurotlar keyingi seminar mashg‘ulotlarida talabalar tomonidan manifestlar taqdimoti orqali namoyish etiladi.

    Ushbu amaliy dars nazariy bilimlarni real siyosiy jarayonlar bilan bog‘lash, talabalarning siyosiy partiyalar faoliyatiga oid tasavvurlarini kengaytirish hamda ularda amaliy tahlil va siyosiy dasturlar ishlab chiqish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi.