
Bolonya universiteti vakillari bilan qo‘shma loyihalar yuzasidan fikr almashildi
Bolonya universiteti vakillari bilan qo‘shma loyihalar yuzasidan fikr almashildi

Joriy yilning 29-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Italiya Tashqi ishlar vazirligining Italiya va Markazi Osiyo “5+1” formati bo‘yicha vakolatli elchisi janob Federiko Failla hamda Bolonya, Venetsiya va Milan universitetlari professorlari — Liza Borgatti, Marko Di Tommaso, Silvana Stefani va Alessio Domeneghetti tashrif buyurdi.
Muzokaralarda JIDU tomonidan Universitetning Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov, Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti dekani E. Abdullayev, Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi katta o‘qituvchisi G. Sultanova, Tizimli tahlil va matematik modellashtirish kafedrasi professori A. Rasulov hamda Xalqaro akademik hamkorlik ofisi boshlig‘i G.Mirxalilova, shuningdek JIDU huzuridagi Istiqbolli tadqiqotlar xalqaro instituti Barqaror rivojlanish markazi rahbari Sh.Ahmedov ishtirok etdilar.
Uchrashuv avvalida Akram Umarov JIDU va Bolonya universiteti o‘rtasida shakllangan hamkorlik hamda ushbu yo‘nalishda erishib kelinayotgan natijalarni mamnuyat bilan qayd etdi. Shu bilan birga, Universitet tizimidagi yangiliklar, akademik jarayon, yangi yo‘nalishlar yuzasidan qisqa ma’lumot taqdim etildi.
Shundan so‘ng janob Federiko Failla Italiya tomonini tanishtirib, Italiya–Markaziy Osiyo munosabatlari, jumladan O‘zbekiston bilan hamkorlik borasidagi istiqbollar, ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish zarurligini, nafaqat talabalar o‘rtasidagi hamkorlik balki yosh tadqiqotchilarni ham qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi. Xususan, mintaqaviy masalalarda, jumladan iqtisodiy yo‘nalishlarda mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratish ahamiyatga molik ekanini bildirdi.
O‘z o‘rnida professor Marko Di Tommaso ham JIDU va Bolonya universiteti o‘rtasidagi hamkorlikdan mamnunligini bildirib, tomonlar birgalikda “Horizon Europe” grant dasturiga ariza topshirganini ta’kidladi.
So‘ngra JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining Barqaror rivojlanish markazi rahbari Shahboz Ahmedov yosh tadqiqotchilar uchun xalqaro ilmiy maydonga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi. U bu borada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma ilmiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli, barqaror va uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
| Sana: | 30.10.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 212 |
| Ulashish: |




