
Хalqaro tijorat bitimlarining ayrim turlari xususiyatlariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi
Хalqaro tijorat bitimlarining ayrim turlari xususiyatlariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

Joriy yilning 18-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirish doirasida “Xalqaro arbitraj va nizolarni hal etish” magistratura yo‘nalishi magistrantlari uchun “Xalqaro tijorat bitimlari” fani bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi. Tadbir xalqaro tijorat amaliyotida qo‘llaniladigan shartnomaviy mexanizmlar sifatida xalqaro faktoring va forfeyting shartnomalarining huquqiy hamda amaliy jihatlariga bag‘ishlandi.
Mahorat darsi magistrantlarning nazariy bilimlarini chuqurlashtirish, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish maqsadida Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari kafedrasi professori Imamova Dilfuza tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda taklif etilgan mutaxassis sifatida KDB Bank Uzbekistan yuridik boshqarmasi boshlig‘i Islomov Bunуod ishtirok etdi.
Mahorat darsi davomida Islomov Bunyod xalqaro tijorat faoliyatini moliyalashtirishning shartnomaviy mexanizmlari sifatida faktoring va forfeytingning mazmuni hamda o‘ziga xos xususiyatlarini batafsil yoritib berdi. Xususan, ularning huquqiy tabiati, ahamiyati va huquqiy tartibga solish xususiyatlari, tegishli shartnomalarni tuzish tartibi, taraflarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, mazkur shartnomaviy mexanizmlarning bank amaliyotida qo‘llanilish xususiyatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, faktoring va forfeyting operatsiyalarini amalga oshirish mexanizmlari, ularning o‘xshash va farqli jihatlari, qo‘llaniladigan huquqni aniqlash hamda tegishli shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etish tartibini tushuntirishga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, taklif etilgan mutaxassis bank sohasida shartnomaviy faoliyatni huquqiy jihatdan ta’minlash borasidagi amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Magistrantlar muhokama etilayotgan mavzuga katta qiziqish bildirdilar, munozaralarda faol ishtirok etdilar hamda faktoring va forfeyting shartnomalarini tuzish va bajarishning huquqiy hamda amaliy jihatlariga oid savollar berdilar. Berilgan savollarga batafsil va mazmunli javoblar qaytarilib, ishtirokchilarga mazkur shartnomaviy vositalarning xalqaro tijorat va bank amaliyotida qo‘llanilish xususiyatlarini yanada chuqurroq anglash imkonini berdi.
Mahorat darsining o‘tkazilishi 4-maqsad “Sifatli ta’lim”ni amalga oshirishga hissa qo‘shdi. Ushbu maqsad barcha uchun inklyuziv va adolatli sifatli ta’limni ta’minlash hamda butun umr davomida ta’lim olish imkoniyatlarini rag‘batlantirishga qaratilgan. Xususan, tadbir yoshlar va kattalar o‘rtasida ishga joylashish, munosib mehnat faoliyatini amalga oshirish hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun zarur bo‘lgan talab yuqori kasbiy ko‘nikmalarga ega shaxslar sonini oshirishni nazarda tutuvchi 4.4-vazifaga mos keladi. Bank va shartnoma huquqi sohasida faoliyat yurituvchi amaliyotchi mutaxassisning jalb etilishi magistrantlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish va amaliy bilimlarini kengaytirishga xizmat qildi.
Bundan tashqari, tadbir 16-maqsad “Tinchlik, adolat va samarali institutlar”, xususan, qonun ustuvorligini ta’minlash va odil sudlovdan teng foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan 16.3-vazifa bilan hamohangdir. Xalqaro faktoring va forfeyting shartnomalarini huquqiy tartibga solish, shuningdek, ularni tuzish va bajarish bilan bog‘liq nizolarni hal etish mexanizmlarini o‘rganish bo‘lajak yuristlarda huquqiy madaniyatni shakllantirish va kasbiy-huquqiy tafakkurni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mahorat darsi, shuningdek, 17-maqsad “Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik”, xususan, ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashni nazarda tutuvchi 17.6-vazifaga ham mos keladi. Universitetning professional yuridik hamjamiyat vakili bilan hamkorligi amaliy tajriba almashish, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni rivojlantirish hamda akademik muhit bilan yuridik amaliyot o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘tkazilgan tadbir ta’lim jarayonini takomillashtirish, magistrantlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida universitet va professional yuridik hamjamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga muhim hissa bo‘ldi.




