
JIDUda Qozog‘istonlik ekspert ishtirokida xalqaro arbitraj va mediatsiya bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi
JIDUda Qozog‘istonlik ekspert ishtirokida xalqaro arbitraj va mediatsiya bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi

2026-yil 2–13-noyabr kunlari “Orhun” akademik almashinuv dasturi doirasida Sarsen Amanjolov nomidagi Sharqiy Qozog‘iston universiteti (Qozog‘iston Respublikasi, O‘st-Kamenogorsk shahri) dotsenti, yuridik fanlar nomzodi va professional mediator Aynur Ramazanova Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tashrif bilan bo‘ldi.
Tashrif doirasida xorijiy mutaxassis tomonidan JIDU talabalari uchun xalqaro huquq, muzokara va nizolarni hal etish masalalariga bag‘ishlangan qator mahorat darslari o‘tkazildi.
Xususan, 9-noyabr kuni “Xalqaro arbitraj va nizolarni hal etish” magistratura dasturi talabalari uchun “Muzokara va mediatsiya” fani doirasida “Nizo va ziddiyatlarni hal etishda mediatsiyadan foydalanishning afzalliklari va xususiyatlari” mavzusida mashg‘ulot tashkil etildi.
Shuningdek, 10-noyabr kuni “Xalqaro huquq” fakultetining 4-bosqich talabalari uchun “Xalqaro tijorat arbitraji” fani doirasida “Arbitraj sudlov ishlarini yuritish. Arbitraj institutining protsessual xususiyatlari: qiyosiy tahlil” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.
Mazkur mashg‘ulotlar “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi mudiri Sherzodbek Masadikov tomonidan tashkil etildi. Darslar davomida talabalar Qozog‘iston Respublikasining arbitraj va mediatsiya sohasidagi tajribasi bilan yaqindan tanishdilar, xalqaro nizolarni hal etishning zamonaviy mexanizmlari yuzasidan bilimlarini boyitdilar hamda mutaxassisga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
Xorijiy ekspert ishtirokidagi ushbu mahorat darslari talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish, xalqaro huquq sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni o‘rganish va kelgusidagi professional faoliyat uchun zarur kompetensiyalarni rivojlantirishga xizmat qildi.
Mazkur tadbirlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan, 16-maqsad – “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” hamda 17-maqsad – “Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik” tamoyillariga muvofiq bo‘lib, universitetning xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.




