
Urganchda bo‘lib o‘tgan Xotin-qizlar huquqi va xavfsizligiga bag‘ishlangan ilmiy seminar-treningda JIDU vakili ishtirok etdi
Urganchda bo‘lib o‘tgan Xotin-qizlar huquqi va xavfsizligiga bag‘ishlangan ilmiy seminar-treningda JIDU vakili ishtirok etdi

Joriy yilning 19–20-may kunlari Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch Davlat Universiteti mezbonligida “Xotin-qizlar huquqi va xavfsizligi: zamonaviy tahdidlar va yechimlar” mavzusida respublika miqyosidagi ilmiy seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbir xotin-qizlarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, zamonaviy tahdidlar oldida ularning xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan edi.
Seminar-treningda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oliy Majlis Senati, Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Respublika Ichki ishlar vazirligining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha mas’ullari, shuningdek, yurtimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlari xotin-qizlar maslahati kengashlari raislari, yetakchi olimalar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) xotin-qizlar maslahati kengashi raisi, professor E’tibor Sultonova ham ushbu nufuzli anjumanda faol ishtirok etdi. U seminar doirasida o‘zining chiqishi orqali xotin-qizlar huquqlarini ta’minlashda ta’lim-tarbiya muassasalarining tutgan o‘rni, gender tenglik siyosatining bugungi holati hamda bu boradagi dolzarb muammolar va yechimlar xususida fikr bildirdi.
Tadbir doirasida yillar davomida xotin-qizlar orasida faoliyat yuritib, o‘z fidoyiligi bilan ajralib turgan bir guruh oliy o‘quv yurtlari xotin-qizlar maslahati kengashlari raislari taqdirlandi. Jumladan, E.Sultonovaga sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Seminarning ikkinchi kuni barcha ishtirokchilar uchun qadimiy Xiva shahriga sayohat tashkil etildi. Ziyorat davomida ishtirokchilar o‘zbek xalqining boy tarixiy merosi, madaniyati va qadriyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ushbu seminar-trening nafaqat muhim muammolarni muhokama qilish, balki respublika miqyosidagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish, ayollar huquqini himoya qilish bo‘yicha ijobiy amaliyotlarni ommalashtirish yo‘lida ham muhim qadam bo‘ldi.
Sana: | 21.05.2025 |
Ko'rganlar soni: | 131 |
Ulashish: |