
JIDUda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi
JIDUda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi

Joriy yilning 16-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” munosabati bilan millatlararo totuvlik, madaniy xilma-xillik va o‘zaro hurmat tamoyillarini targ‘ib etishga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir universitetning Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi hamda “Lider qizlar” klubi hamkorligida tashkil etildi. Unda universitet professor-o‘qituvchilari, turli fakultet talabalari hamda faxriy mehmonlar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida talabalar tomonidan 14 ta davlatning milliy madaniyati, urf-odatlari va an’analarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tashkil etildi. Shuningdek, milliy raqslar, musiqiy chiqishlar va ijodiy namoyishlar orqali turli xalqlarning boy madaniy merosi, do‘stlik va bag‘rikenglik qadriyatlari keng namoyon etildi.
Bayram tadbirida faxriy mehmonlar sifatida Shanxay hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi raisi Q.Q. Sabirov, Respublika Kasaba uyushmasi hamda Toshkent shahar “Oqila ayollar” harakati vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi talaba-yoshlar o‘rtasida millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik madaniyatini yanada mustahkamlash, turli xalqlarning milliy qadriyatlari va madaniy merosiga hurmat ruhini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Xalqaro bag‘rikenglik kuni doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir turli millat va madaniyat vakillarini birlashtirgan, tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik g‘oyalarini targ‘ib qilgan yorqin madaniy-ma’rifiy loyiha sifatida ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Bunday tadbirlar yosh avlodda bag‘rikenglik, ochiqlik va madaniyatlararo muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan talabalar dunyoqarashini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
| Sana: | 16.11.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 61 |
| Ulashish: |




