
Xalqaro transport huquqi bo‘yicha master-klass
Xalqaro transport huquqi bo‘yicha master-klass

Joriy yilning 29-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Xalqaro biznes huquqi” yo‘nalishi magistrantlari uchun “Xalqaro transport huquqi” fani doirasida “O‘zbekiston transport tizimi va xorijiy tajriba” mavzusida master-klass tashkil etildi.
Master-klass “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy-huquqiy fanlar” kafedrasi mudiri Masadikov Sherzodbek, kafedra professori Imamova Dilfuza hamda mazkur kafedra stajyor-o‘qituvchisi Sa’dullayeva Rushana tomonidan tashkil etildi.
Master-klassni o‘tkazish uchun Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev taklif etildi.
Tadbir davomida Abdurahmon Baxtiyev yo‘l harakatini tashkil etish masalalarini yoritib berdi, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTTM) faoliyati bilan tanishtirdi, shuningdek, poytaxtda ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, transport harakatini tartibga solish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-reja, tirbandliklar va yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish choralari, mobil servislarni rivojlantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda BRT-koridorlarini qurish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Magistrantlar muhokama etilgan mavzuga katta qiziqish bildirdilar, munozaralarda faol ishtirok etdilar, turli savollar berdilar hamda ularga batafsil va asoslantirilgan javoblar oldilar.
Mazkur mahorat darsining o‘tkazilishi BMTning 17-sonli “Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik” Barqaror rivojlanish maqsadini, xususan, ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashni nazarda tutuvchi 17.6-bandni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Mahorat darsi akademik muloqotni rivojlantirish, nazariya va amaliyot o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ta’lim jarayonini takomillashtirishga munosib hissa qo‘shdi.




