
JIDU talabalari Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar
JIDU talabalari Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar

Joriy yilning 12-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitasi aʼzolarining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Qonunchilik palatasi deputatlari va Oʻzbekiston Ekologik partiyasi vakillari qatnashdi.
Deputatlar talabalarga Qonunchilik palatasining tuzilishi va vakolatlari haqida soʻzlab berdi. Qonun loyihalari qanday tayyorlanishi, muhokama qilinishi va qabul qilinishi, qoʻmitalar va siyosiy partiya fraksiyalari parlamentda qanday ishlashi haqida ham maʼlumot berildi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda parlamentning oʻrni, parlament diplomatiyasi va xalqaro parlamentlararo hamkorlikka ham alohida toʻxtalindi.
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi vakillari partiyaning faoliyati va ustuvor yoʻnalishlarini tanishtirdi. Ular atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda bu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish masalalarida olib borilayotgan ishlar haqida gapirdi.
Shu kuni talabalar Qonunchilik palatasining diqqatga sazovor joylari, jumladan, Oliy Majlis tarixi aks etgan muzey, parlament kutubxonasi hamda qonunlar qabul qilinadigan katta majlislar zali bilan yaqindan tanishdilar.
Uchrashuv ochiq muloqot shaklida oʻtdi. Talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berib, ularga batafsil javob oldilar. Bunday uchrashuvlar yoshlarning huquqiy va siyosiy madaniyatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, talabalar davlat hokimiyati organlarining faoliyatini amalda yaqindan oʻrganish imkoniga ega boʻladi.




