
“Islomda meros huquqi” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi
“Islomda meros huquqi” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi

Joriy yilning 9-noyabr kuni “Xalqaro huquq” fakulteti 4-kurs talabalari uchun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Saidjalolov Saidafzal Saidxanbalovich ishtirokida “Islomda meros huquqi” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.
Mahorat darsining asosiy maqsadi talabalarda islom huquqi tizimining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblangan meros huquqining mazmun-mohiyati, asosiy tamoyillari, shar’iy asoslari va amaliy ahamiyati to‘g‘risida chuqur bilim hamda tushunchalarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulot davomida islom huquqi manbalari asosida “meros” va “faroiz” tushunchalari, ularning fiqh ilmidagi o‘rni va shar’iy asoslari atroflicha tahlil qilindi. Ma’ruzachi tomonidan talabalarga meros huquqining asosiy tarkibiy elementlari (meros qoldiruvchi, merosxo‘r va meros mol-mulki), merosning vujudga kelish shartlari hamda meros olish asoslarining huquqiy mazmuni ilmiy-nazariy jihatdan tushuntirib berildi.
Shuningdek, mahorat darsi doirasida ma’ruzachi tomonidan yoshlar orasida diniy-ma’rifiy savodxonlikni oshirish, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishning oldini olish, diniy ekstremizm va terrorizmning mazmun-mohiyati, ularning jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdidi hamda ushbu salbiy hodisalarga qarshi kurashishning ma’naviy-ma’rifiy va huquqiy asoslariga bag‘ishlangan qisqa ma’rifiy ma’ruza ham o‘tkazildi. Unda diniy bag‘rikenglik, sog‘lom diniy dunyoqarashni shakllantirish, axborot manbalariga tanqidiy yondashish va yoshlarning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’ruza jarayonida talabalarning mavzu yuzasidan tahliliy fikrlash, huquqiy me’yorlarni sharhlash va nazariy bilimlarni amaliy holatlarga tatbiq etish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Dars yakunida islomda meros huquqi tizimining zamonaviy huquqiy amaliyot bilan o‘zaro aloqasi, uning ijtimoiy adolatni ta’minlashdagi ahamiyati, shuningdek, diniy ekstremizm va terrorizmning oldini olishda yoshlarning huquqiy va ma’naviy bilimlarini oshirishning dolzarbligi yuzasidan fikr almashildi.




