
JIDUda Uppsala universiteti professori Ashok Swain ishtirokida maxsus ma’ruza tashkil etildi
JIDUda Uppsala universiteti professori Ashok Swain ishtirokida maxsus ma’ruza tashkil etildi

2026-yil 9-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Shvetsiyaning Uppsala universiteti Tinchlik va nizolarni tadqiq etish departamenti rahbari, professor Ashok Swain ishtirokida maxsus ma’ruza bo‘lib o‘tdi.
“Bir vaqtning o‘zida yuz berayotgan global inqirozlar sharoitida tinchlikka erishish mumkinmi?” mavzusidagi ma’ruzaning asosiy maqsadi talabalarning zamonaviy xalqaro munosabatlar, global xavfsizlik, tinchlikni ta’minlash va xalqaro hamkorlikning ahamiyati haqidagi bilimlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Ma’ruza davomida professor zamonaviy dunyoda yuz berayotgan global o‘zgarishlar, xalqaro xavfsizlikka ta’sir ko‘rsatuvchi omillar hamda turli inqirozlarning o‘zaro bog‘liqligi haqida fikr yuritdi. Shuningdek, ko‘p qutbli xalqaro tizim sharoitida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda global muammolarga birgalikda yechim izlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’ruzaning muhim yo‘nalishlaridan biri zamonaviy global muammolarni hal etishda ilm-fan va akademik tadqiqotlarning o‘rnini yoritish bo‘ldi. Xususan, ilmiy asoslangan yondashuvlar, fanlararo hamkorlik va xalqaro muloqot barqaror tinchlikni ta’minlashning muhim omillari sifatida ta’kidlandi.
Professorning xalqaro akademik tajribasi va ilmiy qarashlari bilan tanishish talabalarga global jarayonlarni yanada kengroq nuqtayi nazardan anglash, xalqaro xavfsizlik masalalarini tahlil qilish hamda tanqidiy va strategik fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini berdi.
Mazkur ma’ruza JIDU talabalarining xalqaro munosabatlar va global xavfsizlik sohasidagi bilimlarini boyitish, ta’lim jarayonini ilg‘or xalqaro ilmiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish hamda universitetda xalqaro akademik muloqot muhitini rivojlantirishga xizmat qildi.




