
“Yuridik maqsadlar uchun ingliz tili, huquq va adabiyot” – JIDUda sahnalashtirilgan sud jarayoni
“Yuridik maqsadlar uchun ingliz tili, huquq va adabiyot” – JIDUda sahnalashtirilgan sud jarayoni

2026-yil 22-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ingliz tili kafedrasi tomonidan JIDU Yuridik klinikasi sud zalida “Yuridik maqsadlar uchun ingliz tili, huquq va adabiyot” nomli tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbir mashhur yuridik trillerlar muallifi Jon Grisham asarlari asosida o‘tkazilgan bir qator sahnalashtirilgan sud jarayonlari orqali adabiyot, yuridik maqsadlar uchun ingliz tili va amaliy sud tajribasini birlashtirdi.
Yuridik maqsadlar uchun ingliz tili fani doirasida Xalqaro huquq yo‘nalishining 2-bosqich talabalari Jon Grishamning The Guardians asarini o‘rgandilar, “Reading Grisham” klubi a’zolari esa A Time to Kill romanini mutolaa va tahlil qildilar. Kitoblarda yoritilgan sud jarayonlari va huquqiy masalalardan ilhomlangan talabalar asarlardagi asosiy sud ishlariga asoslangan sahnalashtirilgan sud jarayonlarini tayyorladilar va namoyish etdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilar uchta sud jarayonini taqdim etdilar: Kuinsi Millerning sudlanishi, Kuinsi Millerning oqlanishi hamda Karl Li Heyli ishi bo‘yicha sud jarayoni. A Time to Kill asari asosidagi sahnalashtirilgan sud jarayoni “Reading Grisham” klubining faol a’zolari - Xalqaro huquq va Xalqaro munosabatlar yo‘nalishlari talabalari tomonidan namoyish etildi.
Tadbir Ingliz tili kafedrasi tomonidan klub koordinatorlari Voxidova N.N. va Taylor Nauflett rahbarligida tashkil etildi. Ularning sa’y-harakati va rahbarligi loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir talabalar tomonidan sud jarayonlari, yuridik atamalar hamda advokatlik mahorati bo‘yicha yuqori bilim va ko‘nikmalar namoyish etilganini ko‘rsatdi. Talabalar sudya, advokat, guvoh va sudlanuvchi rollarini ijro etish orqali nafaqat yuridik ingliz tili bo‘yicha bilimlarini, balki sud muhitidagi amaliy kommunikativ ko‘nikmalarini ham namoyon etdilar.
Tadbirning faxriy mehmoni AQShning Toshkentdagi elchixonasining Ingliz tili dasturlari mutaxassisi Feruz Akobirov bo‘ldi. Feruz Akobirov talabalar uchun yuridik ingliz tili va badiiy adabiyotlarga oid kitoblarni sovg‘a qilib, ularni til va kasbiy ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga chaqirdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikat va esdalik sovg‘alari ingliz tiki kafedrasi mudiri Borisova Y.V. tomonidan topshirildi. U o‘z nutqida ingliz tilini o‘rganishning ahamiyatini ta’kidlab, xorijiy tilni bilish yangi akademik va professional imkoniyatlarni ochishi hamda muvaffaqiyat sari muhim qadam ekanligini qayd etdi.
Mazkur tadbir talabalar uchun badiiy adabiyot va haqiqiy sud amaliyoti o‘rtasidagi bog‘liqlikni his qilish, shuningdek, yuridik ilngliz tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini interaktiv va amaliy formatda mustahkamlash uchun muhim platformaga aylandi.
| Sana: | 23.05.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 620 |
| Ulashish: |




