
Kurs koordinatorlari uchun talaba-yoshlar tarbiyasini takomillashtirishga qaratilgan seminar-trening tashkil etildi
Kurs koordinatorlari uchun talaba-yoshlar tarbiyasini takomillashtirishga qaratilgan seminar-trening tashkil etildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talaba-yoshlar tarbiyasi bilan ishlashning samarali va tizimli mexanizmlarini joriy etish, ularning ma’naviy-axloqiy kamolotini yuksaltirish, vatanparvarlik ruhini oshirish hamda ta’lim jarayonida muhim o‘rin tutuvchi kurs koordinatorlarining faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur seminar-treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad — talaba-yoshlar bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, ularning ijtimoiy faolligi, fuqarolik mas’uliyati va yurtga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, kurs koordinatorlarining kasbiy va shaxsiy kompetensiyalarini oshirishdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni turli salbiy ta’sirlardan asrash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda tarbiyaviy ishlarni samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar-trening jarayonida interaktiv mashg‘ulotlar, amaliy topshiriqlar va ochiq muhokamalar orqali kurs koordinatorlarining pedagogik va kommunikativ salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, talabalar bilan ishlashda yuzaga keladigan stressli holatlar, nizoli vaziyatlar va moslashuv muammolarini bartaraf etish bo‘yicha psixologik maslahatlar berildi. Talaba-yoshlarning emotsional holatini tushunish, ularni ruhiy qo‘llab-quvvatlash, individual yondashuvni qo‘llash hamda sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ilgari surildi.
Shuningdek, seminar-trening doirasida kurs koordinatorlarida kasbiy faoliyat uchun muhim bo‘lgan liderlik, mas’uliyat, tashabbuskorlik, stressga chidamlilik va samarali muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalariga ham alohida urg‘u berildi. Psixologik yondashuv asosida talaba-yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalari va takliflari bilan o‘rtoqlashib, seminar-treningning talaba-yoshlar tarbiyasi bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Mazkur seminar-trening universitetda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, sog‘lom psixologik muhitni mustahkamlash hamda vatanparvar, yetuk va raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi qayd etildi.




