
JIDUda Qozog‘istonning strategik rivojlanishi hamda Qozog‘iston–O‘zbekiston hamkorligi istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
JIDUda Qozog‘istonning strategik rivojlanishi hamda Qozog‘iston–O‘zbekiston hamkorligi istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

2026-yil 6-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Qozog‘iston yangi tarixiy bosqichda: taraqqiyot yo‘nalishlari hamda O‘zbekiston bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbir Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilib, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning Qozog‘iston xalqiga yo‘llagan “Yangi tarixiy bosqichda Qozog‘istonning dolzarb vazifalari” nomli Murojaatnomasining asosiy qoidalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Davra suhbatida Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchilari, parlament, diplomatik korpus, yetakchi tahlil markazlari hamda ilmiy-akademik doiralar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Oliy Majlis, Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamda JIDU vakillari Qozog‘istonni siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlari, infratuzilma va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek, davlat suverenitetini mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Davra suhbati Qozog‘iston taraqqiyotining dolzarb masalalari va ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash yuzasidan atroflicha ekspertlar fikr almashuvi maydoniga aylanib, ikki davlatning umumiy manfaatlarini ilgari surishda akademik va ekspertlar muloqotining g‘oyat muhimligini yana bir bor tasdiqladi.



