Koreyalik talabalar uchun “7+1” dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi

Koreyalik talabalar uchun “7+1” dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi

    Koreyalik talabalar uchun “7+1” dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi

    Koreyalik talabalar uchun “7+1” dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi

    2026-yil 19-30-oktabr kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “7+1” dasturi doirasida Koreya Respublikasidagi Hankuk chet tillar universiteti (HUFS) talabalari uchun “Rus tili va madaniyatiga sho‘ng‘ish” intensiv kursi bo‘lib o‘tdi.

    Ikki hafta davomida mehmon talabalar 40 soatlik rus tili darslarida va 10 soatlik madaniy dasturda ishtirok etdilar. Mashg‘ulotlarni O‘zbek va rus tillari kafedrasi dotsenti N. Sharipova hamda katta o‘qituvchisi R. Radjapova olib bordilar. Darslar kommunikativ yondashuv asosida tashkil etildi. Juftlik va guruhlarda ishlash, interaktiv o‘yinlar, qisqa taqdimotlar hamda JIDU talabalari bilan jonli muloqot mehmonlarga tilni dastlabki kunlardanoq amalda qo‘llash imkonini berdi.

    Dasturning o‘ziga xos jihati shundaki, har bir dars mavzusi auditoriyadan tashqarida, real hayotda davom ettirildi. So‘z va iboralar sayyor darslarda - shahar ko‘chalarida, muzeylarda va bozorlarda mustahkamlandi. Chorsu bozori va hunarmandchilik rastalarida talabalar rus tilida savdolashib, rang-barang kulolchilik buyumlari, so‘zana va milliy esdaliklar bilan tanishdilar.

    Madaniy dastur talabalarga O‘zbekistonning boy tarixi va an’analarini yaqindan his etish imkonini berdi. Ular Islom sivilizatsiyasi markazi va “Hazrati Imom” majmuasida, Temuriylar tarixi davlat muzeyida, Amir Temur xiyobonida hamda Ko‘kaldosh madrasasida bo‘ldilar. Ayniqsa, milliy liboslarni kiyib ko‘rish va an’anaviy qo‘g‘irchoqlar bilan tanishish lahzalari mehmonlar xotirasida alohida iz qoldirdi.

    Tarixiy obidalar bilan bir qatorda talabalarga Toshkentning yangi, zamonaviy qiyofasi ham namoyish etildi. Ular teleminoradan shahar manzarasini tomosha qildilar hamda o‘zbek-koreys do‘stligining ramzi bo‘lgan “Seul bog‘i”ga tashrif buyurdilar. Shu tariqa mehmonlar qadimiylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan, jadal rivojlanayotgan poytaxtni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar.

    Dastur haqiqiy lingvomadaniy almashinuvga aylandi: til o‘rganish madaniyatlararo muloqot bilan uzviy bog‘landi, ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida esa do‘stona aloqalar o‘rnatildi. Kurs yakunida talabalar o‘tilgan mavzular bo‘yicha nazorat ishini bajardilar hamda rus tilida “O‘zbekiston haqidagi taassurotlarim” mavzusida insho yozdilar.

    JIDU Hankuk chet tillar universiteti bilan hamkorlikni bundan buyon ham izchil rivojlantirishga intiladi va koreyalik talabalarni yana mamnuniyat bilan kutib oladi!