
JIDU professori mintaqaviy hamkorlikka bag‘ishlangan tok-shouda ishtirok etdi
JIDU professori mintaqaviy hamkorlikka bag‘ishlangan tok-shouda ishtirok etdi

JIDU professori, siyosiy fanlar doktori Q.Jo‘rayev “O‘zbekiston-24” telekanalida Markaziy Osiyodagi hamkorlik jarayonlariga bag‘ishlangan tok-shouda ishtirok etdi.
Tok-shouda ishtirok etgan ekspertlarning fikricha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, 2016-yildan boshlab O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash tashabbusi mintaqada o‘zaro ishonch va hamjihatlik muhitini shakllantirishda muhim omil bo‘ldi.
2018-yilda boshlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari esa mintaqaviy muloqotning samarali mexanizmiga aylandi. Ushbu format orqali davlatlar o‘rtasidagi ayrim chegaraviy kelishmovchiliklar bartaraf etildi, transport aloqalari tiklandi, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlik kengaydi. Eng muhimi, mintaqadagi muammolarni tashqi vositachilarsiz, o‘zaro muloqot va kelishuv asosida hal etishga qaratilgan yangi siyosiy tafakkur qaror topdi.
Hozirda mintaqaviy hamkorlikning amaliy natijalari iqtisodiyot, energetika, transport va xavfsizlik sohalarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xususan, 2025-yil mart oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma hamda Xo‘jand deklaratsiyasining imzolanishi tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Suv-energetika resurslaridan birgalikda foydalanish, Qambarota GES-1 loyihasi, sanoat kooperatsiyasi va chegaraoldi savdosini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Shuningdek, «Markaziy Osiyo — 2040» konsepsiyasi mintaqaning uzoq muddatli taraqqiyot ustuvorliklarini belgilab berdi.
2025-yildan boshlab Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘la huquqli ishtirokchi sifatida qo‘shilishi esa Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida yagona iqtisodiy va transport-logistika makonini shakllantirish uchun yangi istiqbollarni ochmoqda.
Ayni paytda mintaqaviy hamkorlik oldida iqlim o‘zgarishi, suv resurslari taqchilligi, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash kabi muhim vazifalar turibdi. «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘li, Transafg‘on transport yo‘lagi va Transkaspiy yo‘nalishlarini rivojlantirish mintaqaning xalqaro iqtisodiy aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligini yanada institutsional mustahkamlash, umumiy manfaatlar asosida tashqi siyosiy yondashuvlarni muvofiqlashtirish va o‘zaro iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun Markaziy Osiyo shunchaki geografik tushuncha emas, balki umumiy maqsadlar, mushtarak manfaatlar va kelajak uchun mas’uliyat birlashtirgan mintaqaviy hamkorlik makoni sifatida shakllanmoqda. Bu jarayonning muvaffaqiyati esa, eng avvalo, davlatlar o‘rtasidagi ishonch, teng huquqlilik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga qanchalik sodiq qolinishiga bog‘liq.




