
JIDUda xalqaro savdo munosabatlari va nizolarni hal etishning huquqiy mexanizmlariga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi
JIDUda xalqaro savdo munosabatlari va nizolarni hal etishning huquqiy mexanizmlariga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 29-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xalqaro huquq va ommaviy huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi H.Eshboyev tashabbusi bilan “Xalqaro iqtisodiy huquqda xalqaro savdo munosabatlari va nizolarni hal etishning huquqiy mexanizmlari” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Tadbirda taklif etilgan ekspert sifatida Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi A.Abdurasulov ishtirok etib, talabalarga xalqaro savdo munosabatlarini huquqiy tartibga solishning asosiy tamoyillari, Jahon savdo tashkiloti doirasida nizolarni hal etish mexanizmlari hamda xalqaro tijorat arbitrajining xalqaro iqtisodiy munosabatlardagi o‘rni va ahamiyati yuzasidan ma’lumot berdi.
Mahorat darsi davomida xalqaro savdo munosabatlarining huquqiy asoslari, Jahon savdo tashkiloti tizimida nizolarni hal etishning institutsional va protsessual mexanizmlari, xalqaro tijorat arbitrajining o‘ziga xos xususiyatlari hamda xalqaro savdo nizolarini ko‘rib chiqishda qo‘llaniladigan huquq normalari muhokama qilindi. Shuningdek, arbitraj tartib-taomillari, nizolarni muqobil va samarali hal etish usullari hamda ularning xalqaro iqtisodiy hamkorlik barqarorligini ta’minlashdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro savdo nizolarini samarali hal etish, barqaror iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash Barqaror rivojlanish maqsadlarining 16-maqsadi — “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” (BRM – 16) bilan uzviy bog‘liqdir.
Mahorat darsining muhim jihati nazariy bilimlarni xalqaro huquqni qo‘llash amaliyoti bilan uyg‘unlashtirish, talabalarda xalqaro savdo nizolarini huquqiy tahlil qilish, xalqaro shartnomalar va nizolarni hal etish mexanizmlarini o‘rganish, arbitraj tartib-taomillarini tushunish hamda xalqaro iqtisodiy-huquqiy masalalarga mustaqil yondashish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilganligi bilan belgilanadi. Amaliyotchi ekspertning bevosita ishtiroki talabalarga xalqaro savdo nizolarini hal etish bilan bog‘liq dolzarb huquqiy masalalar, xalqaro arbitraj amaliyoti va nizolarni ko‘rib chiqishning amaliy jihatlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Bu esa sifatli, zamonaviy va amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni rivojlantirish orqali 4-maqsad — “Sifatli ta’lim” (BRM – 4) ga erishishga xizmat qiladi.
Xalqaro savdo munosabatlarida huquq ustuvorligini ta’minlash, nizolarni adolatli va samarali hal etish mexanizmlarini rivojlantirish, shuningdek, davlatlar va xalqaro institutlar o‘rtasidagi huquqiy hamkorlikni mustahkamlash xalqaro miqyosda barqaror iqtisodiy munosabatlarni shakllantirishning muhim shartlaridan hisoblanadi. Shu jihatdan, xalqaro savdo huquqi va nizolarni hal etish mexanizmlariga bag‘ishlangan bunday ilmiy-amaliy tadbirlar talabalar bilimini chuqurlashtirish, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda xalqaro huquq sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashga hissa qo‘shadi.




