
JIDU Afg‘oniston ilmiy doiralariga O‘zbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi tajribasini taqdim qildi
JIDU Afg‘oniston ilmiy doiralariga O‘zbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi tajribasini taqdim qildi

2026-yil 26-iyul kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti katta o‘qituvchisi Islomxon Gafarov tashabbusi bilan Afg‘oniston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda “Salom” universitetida “O‘zbekistonda barqaror rivojlanish: islohotlar, ilm-fan va inson kapitali” mavzusida ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbir O‘zbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi tajribasini Afg‘oniston ilmiy va ta’lim doiralariga taqdim etish, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini milliy taraqqiyot siyosati bilan uyg‘unlashtirish tajribasini muhokama qilish hamda ikki mamlakat ilmiy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.
Tadbirda Afg‘oniston Fanlar akademiyasi va “Salom” universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, olimlar, yosh tadqiqotchilar hamda ta’lim va ilmiy muassasalar vakillari ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan kompleks islohotlar va ularning ijtimoiy-iqtisodiy natijalari haqida taqdimot o‘tkazildi.
Xususan, 2016-yildan keyin O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy-tadqiqot salohiyatini kuchaytirish barqaror rivojlanishning muhim omillari sifatida ko‘rib chiqildi.
Barqaror rivojlanishni ta’minlashda inson kapitali va ilmiy salohiyatning ahamiyatiga ham alohida urg‘u berildi. Xususan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati misolida yosh mutaxassislar va tadqiqotchilarning yetakchi xorijiy universitetlar hamda ilmiy markazlarda ta’lim olishi, zamonaviy bilim va ilmiy tajribaga ega bo‘lishi hamda ushbu salohiyatni mamlakatning uzoq muddatli barqaror rivojlanishiga yo‘naltirish mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning barqaror rivojlanish modeli iqtisodiy islohotlar, inson kapitali, ilm-fan, innovatsiyalar va institutsional transformatsiyaning o‘zaro uyg‘unligiga asoslangan kompleks yondashuv sifatida baholandi. Mazkur tajribaning Afg‘oniston sharoitida, ayniqsa, ta’lim, ilm-fan, inson kapitali va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sohalarida qo‘llash imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston va Afg‘oniston ilmiy-ta’lim muassasalari o‘rtasida barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ekspertlar va tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, akademik seminar va konferensiyalar tashkil etish hamda O‘zbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi tajribasini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.




