
Islohotlar yo‘lidan borayotgan davlatning huquqiy asoslari: JIDU olimlari tadqiqoti
Islohotlar yo‘lidan borayotgan davlatning huquqiy asoslari: JIDU olimlari tadqiqoti

2026-yil oktabr oyida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Xalqaro huquq fakulteti professor-o‘qituvchilari, jumladan, fakultet dekani tomonidan O‘zbekiston huquqiy institutlarining shakllanishi va rivojlanishiga bag‘ishlangan beshta ilmiy maqola e’lon qilindi.
Xalqaro huquq fakulteti dekani, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Serikbek Alpamisovich Muratayev “Oliy ta’lim boshqaruvi samaradorligini baholashni huquqiy tartibga solishning ahamiyati va mohiyati” mavzusidagi maqolasida oliy ta’lim tizimini boshqarish masalalarini tahlil qilib, uning samaradorligini baholashga xizmat qiluvchi huquqiy jihatdan asoslangan mezonlar tizimini taklif etgan.
Fuqarolik huquqi va xususiy huquq fanlari kafedrasi o‘qituvchisi Shohrux Umirzoqov “Xorijiy sud va arbitraj qarorlarini tan olish hamda ijro etishda ommaviy tartib to‘g‘risidagi istisno: O‘zbekiston tajribasi tahlili” nomli tadqiqotida qonunchilikdagi nomuvofiqliklarning mamlakat investitsiyaviy muhitiga ta’sirini yoritgan.
Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi Dilshod Soliyev “O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy sudlar tizimining shakllanishi va huquqiy rivojlanish bosqichlari” nomli maqolasida 1991– 2020-yillar davomida ma’muriy sudlar tizimining shakllanishi va rivojlanishidagi beshta asosiy bosqichni tahlil qilgan.
Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari kafedrasi o‘qituvchisi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), ‘JUST JUSTICE’ advokatlik tuzilmasi advokati va mediator Muxlisa Ibragimova “Davlat fuqarolik xizmatining tarmoqlararo huquqiy tabiati va uni kodifikatsiya qilish muammolari” mavzusidagi maqolasida davlat fuqarolik xizmatining huquqiy tabiatini tahlil qilib, uni tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan institutsional kodifikatsiya modelini taklif etgan.
Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari kafedrasi professori, yuridik fanlar doktori Nugman Nugmanov hamda shu kafedra doktoranti va o‘qituvchisi Venera Sayfullayeva hamkorlikda “Sun’iy intellektni xalqaro tartibga solishning shartnomaviy-huquqiy asoslari” nomli maqolani e’lon qilgan. Unda axborot xavfsizligi normalarini ham qamrab oluvchi xalqaro standartni qabul qilish zarurligi asoslab berilgan.
Ushbu ilmiy tadqiqotlar O‘zbekiston huquqiy tizimining xalqaro standartlarga uyg‘unlashuvi, huquqiy institutlarning takomillashuvi hamda qonunchilik normalarini amaliyotga tatbiq etish jarayonida mavjud bo‘lgan dolzarb muammolarni yoritadi.
Professor-o‘qituvchilarimizni ilmiy maqolalari e’lon qilingani bilan samimiy tabriklaymiz va ularga kelgusidagi ilmiy hamda kasbiy faoliyatlarida yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz!
| Sana: | 01.11.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 74 |
| Kategoriya: | Xalqaro huquq |
| Ulashish: |




